Bo'limlar

Seans: ochish, vaqt qo'shish, pauza, ko'chirish, tugatish

Bu bo'limda kassir har kuni qiladigan asosiy ishlar: PC'da seans ochish, vaqt qo'shish, seansni pauzaga qo'yish, mijozni boshqa PC'ga ko'chirish, seansni tugatish va «keyin to'lash» hisob-kitobi. Pul qanday olinishi va qanday qaytishi ham shu yerda.

Seans turlari

TurQisqacha
MehmonHisobsiz o'yinchi. «Naqd», «Karta», «Bo'lib» yoki «Keyin» bilan to'laydi.
MijozRo'yxatdan o'tgan o'yinchi. Kassada faqat depozitdan to'laydi.
GuruhBir nechta PC birga ochiladi va birga yopiladi, masalan 5 ga 5 o'yin uchun.
AbonementOldindan sotib olingan vaqt paketi. Mijoz hisobida saqlanadi, PC'ga kirganda faollashadi.
DaqiqabayHaqiqatda o'ynalgan vaqt uchun to'lanadi.
Keyin to'lashPul seans oxirida kassada olinadi. Faqat mehmonga.

Seansni ochish

  1. «Kompyuterlar» yoki «Klub xaritasi» sahifasida PC ustida sichqonchaning o'ng tugmasini bosing va tarif tanlash (savdo) oynasini oching.
  2. Mijoz bo'lsa, chapdagi qidiruvga uning taxallusi yoki telefonini yoza boshlang. Mehmon bo'lsa, bu qadamni o'tkazib yuboring.
  3. O'rtadagi «Tariflar» bo'limidan tarifni tanlang. Tarif o'ngdagi savatga tushadi. Ustun sarlavhasini bossangiz, jadval saralanadi; «Qidirish» maydoni bor.
  4. Kerak bo'lsa, «Tovarlar» yoki «Xizmatlar» bo'limidan mahsulot qo'shing. Savatdagi miqdorni «+» va «−» bilan o'zgartirasiz; ombordagidan ko'p qo'shib bo'lmaydi.
  5. Chapda pastda «Chegirma» ro'yxatidan aksiyani tanlashingiz yoki «Promokod» yozib «Qo'llash»ni bosishingiz mumkin. Batafsil: Sodiqlik tizimi.
  6. O'ngda to'lov usulini tanlang.
  7. «To'lash» tugmasini bosing. «Summa» yoki «Daqiqa» maydonida turgan bo'lsangiz, Enter bosish ham yetadi.

Savat pastidagi hisob blokida «Chegirma» va «Tugash vaqti», ostida katta «Jami» ko'rinadi. «Tugash vaqti»ni mijozga ayting. Narx serverda hisoblanadi, u kelguncha tugmada «Hisoblanmoqda…» turadi.

Ro'yxatda kulrang turgan tarifni tanlab bo'lmaydi. Sichqonchani ustiga olib borsangiz, sababi chiqadi:

  • «Hozir sotilmaydi (sotuv vaqti emas)» — tarifning sotuv jadvali hozirga to'g'ri kelmaydi;
  • «Seans ochiq — tarif qo'shish keyingi versiyada» — bu PC'da allaqachon seans bor (unga faqat tovar sotish mumkin);
  • «PC ta'mirda»;
  • «Daqiqabay tarif bu qurilmada mijozga ochilmaydi — pul depozitdan bo'laklab yechiladi» — pristavka/VR haqida pastroqda.

O'chiq PC'ga ham seans ochish mumkin — PC yonganda seansni oladi. Ochiq seansi bor yoki ta'mirdagi PC'ga yangi tarif bilan seans ochilmaydi.

Agar seans ochilib, tovarlar sotilmay qolsa, «Seans ochildi, lekin tovarlar sotilmadi: …» xabari chiqadi. «To'lash»ni yana bossangiz, faqat tovarlar sotiladi — seans ikki marta ochilmaydi.

«Kombo to'plamlar» bo'limi ko'rinadi, lekin kombo hali savdo oynasidan sotilmaydi (qatorda «Kombo to'plamni sotish — keyingi qadamda»).

Mehmonga

Mehmon uchun «Naqd», «Karta», «Bo'lib» va «Keyin» usullari ishlaydi. «Keyin» haqida pastroqda: Keyin to'lash va hisob-kitob.

Mijozga — faqat depozitdan

Mijoz tanlangan zahoti «Depozit» o'zi tanlanadi. Boshqa plitkalar («Naqd», «Karta», «Bo'lib», «Keyin») ko'rinib turadi, lekin bosilmaydi. Izohida «Mijoz tanlangan — faqat depozit» deb yoziladi. Istisno — «Abonement» plitkasi (pastda).

Hisob blokida «Depozit X → Y S'» qatori chiqadi — to'lovdan keyin qancha qolishi. Mijozda qarz limiti bo'lsa, uning ostida «Qarz limiti … S' — faqat o'yin vaqtiga» yoziladi.

Mijoz naqd yoki karta bilan to'lamoqchi bo'lsa:

  1. Mijoz kartochkasidagi «Depozit to'ldirish» tugmasini bosing. «Hisobni to'ldirish» oynasi ochiladi: «To'ldirish summasi»ni yozing, kerak bo'lsa «Promokod»ni qo'llang va to'lov usulini («Naqd», «Karta», «Bo'lib» yoki onlayn) tanlang. Oynada «Joriy balans», «Bonus» (klub qoidasi bo'yicha keshbek, sharti — ⓘ belgisida) va «Hisobda bo'ladi» ko'rinadi. «To'ldirish · …» tugmasini bosing. Onlayn usulda tugma — «Havola yaratish · …», mijozga QR ko'rsatiladi. Keshbek yozilsa, «Bonus +… S'» — «Keshbek 10%: … S' to'ldirishdan» xabari chiqadi.
  2. Shundan keyin savdo oynasida depozitdan to'lang.

Depozitdagi pul yetmasa, «To'lash» tugmasi bosilmaydi. O'rniga «Depozit yetmaydi» ogohlantirishi chiqadi: unda depozit holati va «Depozit to'ldirish» tugmasi bor — tugma to'ldirish oynasini ochadi.

Mijozning qarz limiti faqat o'yin vaqtiga ishlaydi. Tovarlar faqat depozitdagi haqiqiy puldan sotiladi. Batafsil: Mijozlar.

Daqiqabay tarif

Mehmonga. Tezkor summa tugmasini bosing yoki «Summa» maydoniga summani yozing — «Daqiqa» maydonida qancha vaqt chiqishi ko'rinadi. Aksincha, daqiqani yozsangiz, summa o'zi hisoblanadi. Tarif tanlanganda summa bir marta bir birlik narxi bilan (masalan bir soat) to'ldiriladi; bo'sh qoldirsangiz ham bir birlik narxi olinadi (tarif nomi yonidagi ⓘ: «Summa yoki daqiqani kiriting. Bo'sh bo'lsa — bir birlik narxi.»). Vaqt tugagach seans o'zi yopiladi.

1 daqiqa narxidan kam summa yozilsa, sotib bo'lmaydi — «Kamida … S' — 1 daqiqa narxi» izohi chiqadi, «Jami»da «—».

Mijozga, shell o'rnatilgan PC'da. «Summa» va «Daqiqa» maydonlari o'chiq bo'ladi. Seans quyidagicha ishlaydi:

  1. Avval 15 daqiqalik bo'lak puli olinadi. Savatda «1 × 15 daq — birinchi bo'lak» deb ko'rinadi. Tarif nomi yonidagi ⓘ: «Depozitdan har 15 daqiqada olinadi, ortgani qaytadi.»
  2. Keyin har 15 daqiqada depozitdan yangi bo'lak olinadi (qarz limiti bilan).
  3. Pul tugasa, seans yopiladi va PC qulflanadi.
  4. Mijoz chiqqanda faqat o'ynagan daqiqalari uchun to'laydi. Ishlatilmagan pul depozitiga qaytadi.

Puli 15 daqiqaga yetmasa, birinchi bo'lak bor puliga teng bo'ladi — «Depozitga … o'ynaydi — keyin seans yopiladi». Tarifning ishlash vaqti tugayotgan bo'lsa — «Tarif … gacha ishlaydi — keyin seans yopiladi». Ikkala holda «Tugash vaqti»da aniq vaqt turadi. Pul 1 daqiqaga ham yetmasa, seans ochilmaydi: «Depozit 1 daqiqaga ham yetmaydi» ogohlantirishi chiqadi (undagi «Depozit to'ldirish» tugmasi bilan).

Mijozning shu PC'dagi o'z bronining oldindan to'lovi bo'lsa, u seans ochilganda depozitga qaytadi va bo'lak shu pul bilan ham hisoblanadi — qatorda « · bron oldindan to'lovi +… S'».

Bunday seansga «Vaqt qo'shish» kerak emas, u ko'rinmaydi. Panelda seans «daqiqabay | o'tdi N daq / … S'» bo'lib ko'rinadi; «Qoldi» ustunida sichqoncha ostida depozit qachongacha yetishi va balans chiqadi.

Mijozning balansi o'yin davomida har daqiqada kamayib ko'rinadi (PC'da, panelda va TuranGamer'da). Bar yoki do'kon savdosida depozit yetmasa, bo'lakda ushlangan pul avtomatik bo'shatiladi: harid o'tadi, o'yin to'xtamaydi, qolgan puldan yangi bo'lak olinadi.

Pristavka yoki VR'da shell yo'q, shuning uchun depozitdan davom etish ishlamaydi. Mijoz uchun ham summa bo'yicha ochiladi («… — vaqt tugagach seans o'zi yopiladi»); summa bo'sh bo'lsa bir birlik narxi olinadi.

Abonement

  • Abonement sotish. Tarif turi abonement bo'lsa, u seans ochmaydi. Abonement mijoz hisobiga yoziladi (tarif nomi yonidagi ⓘ: «Mijoz hisobiga tushadi, keyingi kirishda yoqiladi. N kun amal qiladi.»). Uni faqat ro'yxatdan o'tgan mijozga sotish mumkin, mijoz tanlanmasa «Abonement faqat ro'yxatdan o'tgan mijozga sotiladi — mijozni tanlang» ogohlantirishi chiqadi. Mijoz tanlangani uchun to'lov — faqat depozitdan.
  • Abonementdan seans ochish. Mijozda shu klubning faol abonementi bo'lsa (va u shu zalga mos kelsa), plitkalar orasida «Abonement» chiqadi. Uni tanlasangiz, tarif tanlash shart emas: seans abonement qoldig'idan ochiladi, pul olinmaydi. Pastda «Abonement «…»: … qoldi, … gacha» yoziladi, «Tugash vaqti» qoldiqdan hisoblanadi. Abonement bilan birga olingan tovar depozitdan olinadi. Pristavka va VR'da abonement faqat shu plitka orqali ochiladi; PC'da mijoz parol yoki TuranGamer QR bilan kirganda o'zi ham faollashadi.

Abonement bitta PC uchun ochiladi; bir nechta PC tanlanganda bu plitka yo'q.

Qoldiq saqlanadigan tarif

Tarifda «qoldiq saqlansin» yoqilgan bo'lsa, tarif nomi yonidagi ⓘ da yoziladi: «Erta chiqsa, qolgan vaqt N kun saqlanadi.» yoki «Erta chiqsa, qolgan vaqt kun oxirigacha saqlanadi.». Mehmonda bu ishlamaydi: «Qoldiq faqat ro'yxatdagi mijozda saqlanadi.»

Bir nechta PC

PC'larni belgilab, savdo oynasini oching. Chap tomonda tanlangan PC'lar ro'yxati chiqadi: nomi, zali va holati («Bo'sh», «Seans … gacha», «Seans · daqiqabay», «Ta'mirda»).

  • Keraksiz PC'ni X tugmasi bilan olib tashlang (izohi «Ro'yxatdan olib tashlash»). Bitta PC qolsa, oyna o'zi bitta PC rejimiga o'tadi.
  • Band va ta'mirdagi PC'lar o'tkazib yuboriladi. Birorta bo'sh PC qolmasa, tariflar kulrang: «Tanlanganlar orasida bo'sh PC yo'q».
  • Bu oynada mijoz tanlanmaydi — seanslar mehmon uchun ochiladi.
  • «Bo'lib» usuli bu oynada yo'q.
  • Faqat hamma tanlangan zallarda narxi bor tariflar ko'rinadi. Jami — har PC'ning o'z zali narxi bo'yicha.
  • Barcha seanslar bitta guruh sifatida birga ochiladi. Bitta PC band chiqsa, hech biri ochilmaydi.

Bron yoki komendant soati bilan to'qnashuv

PC'da boshqa mijozning broni bo'lsa, abonement va summa bo'yicha daqiqabay seans faqat bron oldigacha ochiladi. Bunda «Bron sababli … da tugaydi» bildirishnomasi chiqadi, izohida «Keyin bu PC boshqa mijozga bron qilingan» va daqiqabayda olingan summa — «To'landi · … S'». Mijozga qaytimni shunga qarab bering. Bron boshlanishiga 5 daqiqadan kam qolgan bo'lsa yoki bron hozir ketayotgan bo'lsa, seans ochilmaydi. Voyaga yetmaganlar komendant soatida ham shunday: «Komendant soati sababli … da tugaydi». Batafsil: Bron.

To'lov usullari

PlitkaQachon ishlaydi
«Naqd»Mehmonga
«Karta»Mehmonga
«Bo'lib»Mehmonga: naqd + karta. «Naqd» maydoniga summani yozasiz, qolgani «Karta» maydoniga o'zi tushadi (yoki aksincha). Yig'indi jamiga teng bo'lmasa — «Naqd va karta jami … S' bo'lsin», tugma bosilmaydi. Bir nechta PC'da yo'q.
«Depozit»Faqat tanlangan mijozga; mijoz tanlanganda o'zi tanlanadi
«Abonement»Mijozda faol abonement bo'lsa (bitta PC, seans yo'q)
«Keyin»Faqat mehmonga: daqiqabay tarif bilan seans ochish yoki seansi «keyin to'lanadigan» PC'ga tovar yozish. «Keyin to'lash» sozlamasi va xodimning ruxsati kerak

Mijoz tanlanmagan bo'lsa, «Depozit» bosilmaydi — izohi «Avval mijozni tanlang».

Pristavka va VR uchun alohida sozlama. «Virtual qurilmalarda depozitdan seans ochishni taqiqlash» (sukut — o'chiq) yoqilsa, bu qurilmalarda mijoz o'yin vaqtini depozitdan va qarz limitidan to'lay olmaydi. Uning o'rniga «Naqd», «Karta» va «Bo'lib» ochiladi, «Depozit» o'chadi: «Bu qurilmada depozitdan to'lanmaydi — naqd yoki karta». Tovarlar baribir depozitdan olinadi («Tovarlar depozitdan: X → Y S'»). Mijozga daqiqabay tarif bu qurilmalarda umuman ochilmaydi. Abonement sotish va abonementdan ochish, mehmon seanslari o'zgarmaydi.

Vaqt qo'shish

«Vaqt qo'shish» faqat daqiqabay tarifdagi ochiq seansga, summa bo'yicha ishlaydi. Uni «Kompyuterlar» yoki «Klub xaritasi» sahifasidan oching.

  • Mehmon seansi uchun — «Naqd» yoki «Karta».
  • Mijoz seansi uchun (pristavka/VR) — faqat «Depozit», o'zi tanlanadi; qarz limiti hisobga olinadi. Depozitdan qo'shishga smena ochiq bo'lishi shart emas.
  • Shell o'rnatilgan PC'dagi mijoz daqiqabayida «Vaqt qo'shish» ko'rinmaydi — u depozitdan 15 daqiqalab o'zi davom etadi.
  • Mehmon va mijoz seanslarini bitta to'lov bilan uzaytirib bo'lmaydi — ularga vaqtni alohida qo'shing.
  • Pauzadagi seansga vaqt qo'shilmaydi: «Seans pauzada — avval pauzadan chiqaring».

Soatlik tarif yoki abonement seansiga vaqt qo'shilmaydi.

Tezkor summa tugmalari sukut bo'yicha: 2 000, 3 000, 5 000, 10 000. Ularni sozlamalarda o'zgartirish mumkin (pastdagi jadval).

Vaqt qo'shilgan seans erta tugatilsa, boshlanmagan bo'laklar to'liq, ketayotgani — o'tirilgan vaqtgacha qaytadi.

Qo'lda pauza

Mijoz ovqatlanishga yoki tashqariga chiqib ketsa, seansni pauzaga qo'ying. Pauza vaqtida vaqt ham, pul ham to'xtaydi, PC esa qulflanadi.

Pauza qo'yish va chiqarish

  1. «Kompyuterlar» yoki «Klub xaritasi»da PC ustida o'ng tugmani bosing yoki PC panelini oching.
  2. «Pauza» tugmasini bosing. «Seans pauzaga qo'yildi» — «Vaqt va pul to'xtadi» xabari chiqadi.
  3. Pauzadan chiqarish uchun «Pauzadan chiqarish» tugmasini bosing — «Seans pauzadan chiqdi».

Bu amal uchun xodimga seansni boshqarish ruxsati kerak (seansni tugatish va ko'chirishdagi bilan bir xil): Xodimlar va huquqlar.

Panelda PC belgisi «Pauza · N daq» bo'lib turadi (sichqoncha ostida: «Administrator pauzaga qo'ydi — vaqt va pul to'xtagan, PC qulfda. «Pauzadan chiqarish» bilan davom etadi.»). Mijoz ekranida butun ekranli pauza qulfi chiqadi: «Seans pauzada», muzlagan qolgan vaqt yoki balans, «Administrator davom ettiradi». Ochiq dasturlar yopilmaydi, o'yin orqada kutib turadi. Pauzada parol va «Kirish» ishlamaydi.

Mijoz pauzadan oldin ekranni o'zi parol bilan qulflagan bo'lsa, davomda o'sha qulf qaytadi — ish stoli ochilmaydi.

Pul hisobi

Pauza vaqtida hech qanday seans turida pul olinmaydi:

  • Oldindan to'langan seans (mehmon, mijoz) va abonement. Tugash vaqti pauza uzunligiga suriladi, abonementdan faqat o'ynalgani ayriladi.
  • Daqiqabay. Yangi bo'lak olinmaydi, balans va «sarflandi» muzlab turadi; davomdan keyin pauza vaqti hech qaysi narxda olinmaydi.
  • «Keyin to'lash» va qarz limiti. Faqat o'ynalgan vaqt hisoblanadi.

Pauzadagi seansni tugatsangiz, u pauza boshlangan paytda tugagan hisoblanadi; «qoldiq saqlansin» qoldig'i to'liq saqlanadi.

Seans ochilishi bilan pauzaga qo'yilib, pauzada tugatilsa ham, daqiqabay va «keyin to'lash»da birinchi daqiqa olinadi — paussiz tugatilgandagidek.

Pauza qachon berilmaydi

  • Tugash vaqti soatga bog'langan tarif (paket «08:00 gacha») hozir ketayotgan yoki navbatda bo'lsa: «tugash vaqti soatga bog'langan tarifda pauza berilmaydi».
  • Seans vaqti allaqachon tugagan bo'lsa: «seans vaqti tugagan — pauza berilmaydi».
  • Seans allaqachon pauzada bo'lsa.
  • PC'da boshqa mijozning broni bo'lsa va bron boshlanguncha 5 daqiqadan kam vaqt qolsa: «PC'da boshqa mijozning broni bor — pauzadan keyin seans bron vaqtiga o'tib ketadi, pauza berilmaydi» (bron vaqti bilan).

Xato bo'lsa panelda «Pauza berilmadi» va sababi chiqadi.

Bron bor, lekin vaqt ko'proq qolgan bo'lsa, pauza beriladi, ammo uning muddati bron oldigacha qisqaradi: «Bron sabab pauza ko'pi bilan N daqiqa — keyin seans o'zi davom etadi». Vaqt o'tsa seans o'zi davom etadi (PC qulfda) va aynan bron oldida tugaydi. «Keyin to'lash», abonement va mijoz daqiqabayi bron bilan cheklanmaydi.

Pauza paytida yangi bron: TuranGamer bu PC'ni eng kech tugashgacha band ko'rsatadi; kassadan bron qilinsa ogohlantirish va tasdiq so'raladi.

Pauza vaqtida «Joyni almashtirish», «Jarima» va «Vaqt qo'shish» ishlamaydi: «Seans pauzada — avval pauzadan chiqaring».

Pauza muddati o'tsa

Pauzaning eng uzun muddati — «Pauza eng ko'pi» sozlamasi («Sozlamalar» → «Shell», «Qulf muddati» yonida). Sukut — 60 daqiqa, 5 dan 720 gacha qo'yish mumkin.

Muddat o'tsa, quyidagilar bo'ladi:

  1. Server seansni o'zi davom ettiradi (aniq pauza boshi + muddatdan) va vaqt yana hisoblana boshlaydi. Davom bir daqiqadan ko'p kechiksa (masalan, server to'xtab turgan), seans hozirdan davom etadi — o'sha vaqt o'ynalgan hisoblanmaydi.
  2. PC qulfda qoladi. Panelda «Pauza tugadi · qulfda» deb ko'rinadi (izohi: «Pauza muddati tugadi — vaqt yana hisoblanmoqda, PC qulfda: a'zo parol bilan ochadi, mehmonni «Pauzadan chiqarish» bilan oching.»).
  3. Mijoz qulfni parol bilan o'zi ochadi. Mehmon uchun qulfni administrator «Pauzadan chiqarish» bilan ochadi — «PC qulfdan chiqarildi».
  4. Shu paytdan «Qulf muddati» hisoblana boshlaydi (sukut 30 daqiqa). U tugasa, seans o'zi yopiladi; 0 bo'lsa — cheklanmagan. Svet pauzasi va server o'chiq turgan vaqt qulf vaqtiga kirmaydi.

Eski shell'li PC

Ba'zi PC'larda shell eski versiyada bo'lishi mumkin. Unday shell pauzani bilmaydi, shuning uchun «Pauza» bosilganda panel ogohlantiradi: «Bu PC'dagi shell pauzani bilmaydi — ekran qulflanmaydi, lekin vaqt va pul to'xtaydi. Davom etilsinmi?». Pauza muddati o'tgach, seans oddiy davom etadi, PC qulflanmaydi va «Qulf muddati» uni yopmaydi. Shell'ni yangilash: PC'lar.

PC aloqada bo'lmasa ham pauza beriladi: «PC aloqada emas — ulanganda qulflanadi. Vaqt va pul hozirdan to'xtaydi. Davom etilsinmi?».

Joyni almashtirish

  1. PC menyusidan «Joyni almashtirish» oynasini oching. Xaritada seansli PC'ni bo'sh PC ustiga sudrab tashlasangiz ham shu oyna ochiladi, yangi joy oldindan tanlangan bo'ladi. Sarlavha ostida — mijoz (yoki «Mehmon») va qolgan vaqt, keyin ikki katak: «Hozir» va «Yangi joy» — PC, zal va seans tarifining shu zaldagi narxi.
  2. Yangi PC'ni tanlang. PC'lar «Bron yaratish» oynasidagidek plitkalarda, zallar bo'yicha; zal sarlavhasida — tarif narxi va «bo'sh: N · o'chiq: N». Plitkadagi nuqta va yozuv — holat: yashil «bo'sh», kulrang «o'chiq», qizil — tanlanmaydi (sababi yozilgan). «Mavjudlari» — ko'chirish mumkin bo'lgan PC'lar (yonida soni), «Hammasi» — seansli va ta'mirdagi PC'lar ham («seans 19:50 gacha», «ta'mirda»), ular tanlanmaydi. «PC qidirish» — nom bo'yicha.
  3. «Ko'chirish» tugmasini bosing — PC tanlanmaguncha u o'chiq. «Bekor qilish», × yoki Esc oynani yopadi.

O'chiq PC'ga ham ko'chirish mumkin: ko'chirilgandan keyin server uni Wake-on-LAN bilan o'zi yoqadi (BIOS'da WoL yoqilgan, server esa klub tarmog'ida bo'lishi kerak).

Ko'chish tarixi seansda saqlanadi. Mijoz shell'dan o'zi ham bo'sh PC'ga o'tishi mumkin, agar sozlamada ruxsat berilgan bo'lsa: Sozlamalar (1).

Zallar narxi har xil bo'lsa

Oyna ko'chirishdan oldin ogohlantiradi: «Zallar narxi har xil: … → …».

  • Oldindan to'langan seans. «Qolgan vaqtni yangi zal narxiga moslashtirish» belgisi bor, yonida «N daq → M daq». Belgi qo'yilsa: «To'langan pul o'zgarmaydi, vaqt yangi zal narxiga moslashadi.». Belgi olib tashlansa: «Vaqt ham, summa ham o'zgarmaydi — mijoz yangi zalda eski narxda o'ynaydi. Farqni kassada oling.».
  • «Keyin to'laydi» seansi. «Ko'chirilgandan keyingi vaqt yangi zal narxida hisoblanadi. Oldingi vaqt eski narxda qoladi.». Moslashtirish belgisi yo'q.
  • Mijoz daqiqabayi. Belgi «Joriy bo'lak qoldig'ini yangi zal narxiga moslashtirish». Qo'yilsa, joriy bo'lak qoldig'i yangi zal narxiga moslashadi; olib tashlansa — eski narxda qoladi. Keyingi bo'laklar har holda depozitdan yangi zal narxida olinadi, kassada farq olinmaydi.

Ko'chirib bo'lmaydigan holatlar

  • Daqiqabay seansni (mijoz yoki «keyin to'lash» mehmoni) tarif narxi kiritilmagan zalga yoki zalsiz PC'ga: shu zal plitkalari qizil, «tarif narxi yo'q» (ustiga kelsangiz: «Bu zalda «…» tarifining narxi yo'q — daqiqabay seans ko'chmaydi»).
  • Boshqa mijozning broni ketayotgan, seans tugashidan oldin boshlanadigan yoki «Bron oldidan kirishni yopish» vaqti kelgan PC'ga: plitka qizil, masalan «bron 19:30 dan». Mijozning o'z broni xalaqit bermaydi.
  • Pauzadagi seansni — avval pauzadan chiqaring.
  • Depozitdan ketayotgan mijoz daqiqabayini pristavka/VR'ga, agar «Virtual qurilmalarda depozitdan seans ochishni taqiqlash» yoqiq bo'lsa.

Vaqtni boshqa PC'ga o'tkazish

Mehmon oldindan to'lab o'tirgan, lekin ketyapti va qolgan vaqtini boshqa PC'dagi sherigiga berib ketmoqchi bo'lsa — vaqtini o'sha PC'ga o'tkazing.

  1. Mehmon PC'si menyusida «Vaqtni o'tkazish» tugmasini bosing.
  2. PC'ni plitkalardan tanlang — ular zallar bo'yicha guruhlangan, zal sarlavhasida tarif narxi yozilgan. Plitkada holati yoziladi: «bo'sh», «seans · N daq» (PC'da seans bor — vaqt unga qo'shiladi) yoki «o'chiq». «Bo'shlari» tugmasi faqat bo'sh PC'larni qoldiradi, «PC qidirish» maydoni raqam bo'yicha qidiradi. Bir nechta PC tanlasangiz — vaqt ular orasida bo'linadi (pastda).
  3. Natijani tekshiring va «Vaqtni o'tkazish» tugmasini bosing.

Natija tugmani bosishdan oldin ko'rinadi:

  • Tanlangan PC'da ochiq seans bor. Mehmonning qolgan vaqti o'sha seansga qo'shiladi: «PC2: 60 daq → 100 daq». Mehmon PC'sining seansi yopiladi va PC qulflanadi.
  • Tanlangan PC bo'sh. Seansning o'zi o'sha PC'ga ko'chadi: «PC3 bo'sh — seans o'zi ko'chadi: 40 daq». Eski PC qulflanadi.

To'lov o'zgarmaydi: pul ham, chek ham mehmon to'lagan seansda qoladi, nishondagi seansga summa qo'shilmaydi.

Zallar narxi har xil bo'lsa

Vaqt qolgan pul bo'yicha qayta hisoblanadi. Qimmatroq zalga kamroq, arzonroq zalga ko'proq daqiqa tushadi. Masalan, 10 000 lik zalda 40 daqiqa qolgan bo'lsa, 20 000 lik zalga 20 daqiqa o'tadi. Oynada yoziladi: «Zallar narxi har xil: … → … — qolgan pul bo'yicha 40 daq → 20 daq.». Bir zal ichida 40 daqiqa 40 daqiqaligicha o'tadi.

Oynadagi daqiqalar — taxmin. Aniq son o'tkazilgandan keyin bildirishnomada chiqadi: «Vaqt o'tkazildi — PC1 → PC2: +40 daq».

Vaqtning bir qismini o'tkazish

PC tanlangach, pastda uning qatori chiqadi: daqiqa maydonida mehmonning hamma vaqti turadi. Bir qismini o'tkazish uchun daqiqani kamaytiring — masalan, 50 daqiqadan 10 tasini. Ostida «O'tkaziladi: 10 / 50 daq» yoziladi, «Butun vaqt» tugmasi hammasini qaytaradi.

  • Qolgani mehmon PC'sida qoladi, seans yopilmaydi: «PC1'da 40 daq qoladi — mehmon o'ynashda davom etadi.»
  • Tanlangan PC'da seans bo'lsa — 10 daqiqa unga qo'shiladi; PC bo'sh bo'lsa — unda mehmon tarifida 10 daqiqalik to'lovsiz yangi seans ochiladi.
  • Mehmon PC'sida kamida 1 daqiqa qolishi kerak, aks holda hamma vaqt o'tadi (yuqoridagidek).

Bir nechta PC'ga bo'lib berish

Plitkalardan bir nechta PC tanlang — har biriga qator chiqadi, qolgan vaqt sukut bo'yicha teng bo'linadi («Teng bo'lish» tugmasi qaytadan teng qiladi). Daqiqalarni o'zgartirsa bo'ladi: masalan, 40 daqiqadan PC2'ga 30, PC3'ga 10.

  • Seansli PC'ga vaqt qo'shiladi, bo'sh PC'da mehmon tarifida to'lovsiz yangi seans ochiladi.
  • Jami qolgan vaqtga teng bo'lsa — mehmon PC'sining seansi yopiladi va PC qulflanadi; kam bo'lsa — qolgani mehmon PC'sida qoladi, seans davom etadi.
  • Har PC'ga kamida 1 daqiqa, jami qolgan vaqtdan oshmaydi; ko'pi bilan 10 ta PC.
  • Hammasi birga bajariladi: biror PC'ga o'tkazib bo'lmasa (masalan, unda «keyin to'lash» seansi), hech narsa o'zgarmaydi va oynada sababi chiqadi.
  • Tugma — «Vaqtni bo'lib berish». Bildirishnomada har PC alohida: «PC2: +30 daq · PC3: 10 daq (yangi seans)».

Jurnalda

«Loglar» sahifasida, «Seanslar» bo'limida ikki yozuv paydo bo'ladi:

  • «Vaqt boshqa PC'ga o'tkazildi» — kim, qachon, qayerdan qayerga va necha daqiqa (zal narxi har xil bo'lsa «40 daq. → 20 daq.»);
  • mehmon PC'sida «Seans tugadi», sababi «vaqti boshqa PC'ga o'tkazildi».

Bir nechta PC'ga bo'lib berilsa — har PC'ga alohida «Vaqt boshqa PC'ga o'tkazildi» yozuvi. Vaqtning bir qismi o'tkazilganda «Seans tugadi» yozuvi bo'lmaydi — mehmon seansi davom etadi.

O'tkazib bo'lmaydigan holatlar

  • Mijoz (hisobli) seansi. Vaqt faqat mehmon seansidan o'tkaziladi. Mijozning qolgan puli o'z hisobida turadi.
  • «Keyin to'lash» seansi. Unda o'tkaziladigan vaqt yo'q — mehmon ishlatganicha to'laydi. Daqiqabay tarifda pul oldindan olingan bo'lsa (masalan, «5 000 so'mga» ochilgan), vaqt o'tadi.
  • 1 daqiqadan kam vaqt qolgan seans.
  • Pauzadagi seans — avval pauzadan chiqaring. Nishondagi seans ham pauzada bo'lmasligi kerak.
  • Nishondagi seans «keyin to'lash», mijozning daqiqabay seansi, abonement yoki «Qoldiq saqlansin» tarifida bo'lsa — unga vaqt qo'shilmaydi.
  • Nishon PC'da bron. Qo'shilgan vaqt boshqa mijozning broniga kirib ketsa, o'tkazish rad etiladi.
  • Ta'mirdagi PC'ga.

Seansni tugatish

  1. PC menyusida «Seansni tugatish» tugmasini bosing.
  2. Tasdiq oynasini tekshiring: unda PC, mijoz (yoki «Mehmon»), o'ynalgan vaqt va summa. Summa yonida turi: «to'langan», «keyin to'laydi» (tovar bo'lsa «tovar …»), «daqiqabay · qolgani depozitga qaytadi».
  3. Yana «Seansni tugatish» tugmasini bosing. Fikringizdan qaytsangiz — «Bekor qilish».

Bir nechta PC

  1. «Kompyuterlar» yoki «Klub xaritasi»da PC'larni belgilang.
  2. Tanlov panelida yoki belgilangan PC ustidagi o'ng tugma menyusida «Seanslarni tugatish (N)» tugmasini bosing. Belgilanmagan PC ustidagi menyu faqat o'sha PC'ni yopadi.
  3. Oynada «Seanslarni tugatish» tugmasini bosing.

Seanslar birma-bir tugatiladi, tugmada «… 2/4» kabi jarayon ko'rinadi. Bu vaqtda oynani yopib bo'lmaydi, «Bekor qilish» o'chiq. Pul hisobi bittadan tugatish bilan bir xil.

  • Bitta PC'dagi xato qolganlarini to'xtatmaydi.
  • Natija bitta xabarda: «Seanslar tugatildi: N ta PC» (ro'yxat bilan). Tugatilmaganlari «Tugatilmadi» xabarida sababi bilan ko'rsatiladi va belgili qoladi — tugmani yana bosish xavfsiz. Aloqa bo'lmasa sabab «Aloqa yo'q».
  • Shu orada o'zi yopilgan seans (vaqt tugadi, boshqa kassir) «Seans allaqachon yopilgan» deb ko'rsatiladi. Bu xato emas.

Tanlovda «keyin to'lash» seanslari bo'lsa, oyna pastida «Jami» o'rniga «Kassada olinadi» qatori chiqadi — faqat shu seanslar summasi, oldindan to'langani qo'shilmaydi. Tugatilgach ulardan hammasi uchun bitta hisob-kitob oynasi ochiladi: «N ta PC — hisob-kitob».

Pul nima bo'ladi

SeansTugatganda
Mijoz daqiqabayi (depozitdan)Faqat o'ynalgan daqiqalar olinadi, boshlanmagan bo'laklar to'liq, ketayotgani — o'tirilgan vaqtgacha qaytadi. Xabar: «Depozitga qaytarildi: … S'». Bonus bilan to'langan qismi bonusga qaytadi.
Mijoz daqiqabayi, bo'lak naqd to'langan (mehmon seansi keyin mijozga bog'langan)Hech narsa qaytmaydi — qator «to'langan» deb ko'rinadi.
Oldindan to'langan (soatlik, paket)Qolgan vaqt uchun pul qaytarilmaydi.
AbonementFaqat o'ynalgan vaqt ayriladi, qoldiq hisobda saqlanadi.
Qoldiq saqlanadigan tarifQolgan vaqt mijoz hisobiga saqlanadi. Xabar: «Qolgan vaqt mijoz hisobiga saqlandi: 0:37». Mehmonda qoldiq saqlanmaydi.
«Keyin to'lash»Hisob-kitob oynasi ochiladi, pul kassada olinadi.
Pauzadagi seansPauza boshida tugagan hisoblanadi.

Chek bo'yicha pulni qaytarish va uning muddati haqida: Bar: sotuv va buyurtmalar.

Keyin to'lash va hisob-kitob

«Keyin» usuli bilan seans faqat mehmonga, faqat daqiqabay tarif bilan ochiladi. Buning uchun ikkita shart bor:

  • «Keyin to'lash» sozlamasi yoqilgan bo'lishi kerak (sukut — yoqiq);
  • xodimda «keyin to'lash» uchun alohida ruxsat bo'lishi kerak (yo'q bo'lsa «Keyin» plitkasi chiqmaydi): Xodimlar va huquqlar.

Seans ochilganda pul olinmaydi. Tugma «To'lash» emas, «Seansni ochish» deb yoziladi, savatda «o'yin oxirida», izoh: «Pul keyin olinadi — «To'lanmagan» ro'yxatiga tushadi.». Seans tugagach, u «To'lanmagan» ro'yxatiga tushadi va panelga «to'lov kutilmoqda» xabari chiqadi.

Seansi «keyin to'lanadigan» PC'ga tovar sotsangiz, «Keyin» o'zi tanlanadi, tugma «Seans hisobiga yozish» bo'ladi. Izoh: «Tovar seans hisobiga yoziladi — seans yopilganda o'yin vaqti bilan birga to'lanadi.». Hozir olish kerak bo'lsa, «Naqd» yoki «Karta»ni bosing.

Mehmonning «keyin to'lash» seansi ochiq PC'ga mijoz parol yoki QR bilan kira olmaydi — seans mijozga bog'lanmaydi. Mijoz avval kassada hisob-kitob qilinishini kutadi. Shell bu seansda kirishni taklif qilmaydi: «Kirish» tugmasi yo'q, kirish oynasi ochilmaydi (o'yinchi parol so'rayapti deb o'ylamasin) — Shell.

Hisob-kitob oynasi

  1. Seans tugagach, «Hisob-kitob» oynasi o'zi ochiladi. Oynani panel tepasidagi «To'lanmagan» ro'yxatidagi «To'lash» tugmasi bilan ham ochish mumkin (istalgan sahifada); guruh seanslari ro'yxatda «Guruh …» bo'lib bitta qatorda turadi.
  2. Sarlavha ostida — kim to'laydi: «PC031 · Mehmon», mijoz taxallusi yoki «Guruh … · N ta PC». Bitta seansda — «Vaqt» (qachondan qachongacha) va «O'ynadi» (har boshlangan daqiqa to'liq); bir nechtasida — har seans qatori: PC, vaqt, qancha o'ynagani, summa; «Keyin» bilan olingan tovarlar alohida «Tovarlar» qatorida. Pastda — «Kassada olinadi».
  3. Usulni tanlang: «Naqd», «Karta», «Bo'lib» yoki «Depozit». «Depozit» faqat hamma seanslar ro'yxatdan o'tgan mijozniki bo'lsa ishlaydi; aks holda plitka o'chiq, sababi — uning burchagidagi ⓘ belgisida. «Depozit» tanlansa, ostida «Depozit X → Y S'» ko'rinadi.
  4. «Bo'lib» tanlansa, «Naqd» maydoniga naqd summani yozing — qolgani «Karta» maydoniga o'zi tushadi (yoki kartani yozing). Hali hech narsa yozilmagan bo'lsa, maydonlar ostida kulrang «Naqd va karta jami … S' bo'lsin» ko'rsatmasi turadi; yig'indi mos kelmasa, u qizil bo'ladi va tugma bosilmaydi. Jamining o'zini naqdga yozsangiz, butun summa naqd.
  5. «To'landi · … S'» tugmasini bosing. «Naqd»/«Karta» maydonida Enter bosish ham yetadi.

Mijoz hozir to'lamasa, «Keyinroq» tugmasini bosing (× va Esc ham shunday). Seans panel tepasidagi «To'lanmagan» ro'yxatida qoladi (tugmada — soni, ro'yxatda — jami summa).

Oyna ochilgandan keyin summa o'zgargan bo'lsa (masalan, «Keyin» tovar qaytarildi), hech narsa yozilmaydi: tugmalar ustida «Jami summa o'zgargan — oynani yopib, hisob-kitobni qayta oching» chiqadi. Oyna yopilganda ro'yxat yangilanadi.

Seans o'zi qachon yopiladi

  • Vaqt tugasa. Server seansni o'zi yopadi va PC'ni qulflaydi — kassir band bo'lsa ham. Mijozning PC'dagi daqiqabayi esa yopilmaydi: depozitdan 15 daqiqalab davom etadi, pul tugaganda yopiladi.
  • Tarifning ishlash vaqti tugasa. Daqiqabayda seans tarif ishlaydigan vaqt oxirida yopiladi — depozit to'ldirish uni uzaytirmaydi. Panelda «tarif ~… gacha ishlaydi — keyin seans yopiladi».
  • Bron vaqti kelsa. Seans bron boshlanishidan N daqiqa oldin tugaydi. Sukut — 0, ya'ni bron boshlanganda: Bron.
  • Mijoz ekranni qulflab ketsa. «Qulf muddati» o'tgach seans mijozning «Chiqish»i bilan bir xil yo'ldan yopiladi. Sukut — 30 daqiqa, 0 — cheklanmagan. Panelda bunday PC «Qulflangan · N daq» bo'lib ko'rinadi, mijoz ekranida teskari sanoq. Parol bilan qaytish sanoqni bekor qiladi.
  • Pul tugasa. Mijoz daqiqabayida depozit va qarz limiti bir daqiqaga ham yetmasa.
  • Tarif tugab, «Seansni avtomatik davom ettirish» yoqiq bo'lsa, mijoz seansi depozitdan daqiqabayga o'tadi; o'chiq bo'lsa — yopiladi.
  • Mijoz seansi vaqt bilan tugab, davom etmasa — «Tarif sotib olish uchun vaqt» (sukut 5 daqiqa) davomida mijoz PC'da hisobidan chiqmaydi: o'yini yig'ilib turadi, qulf ekranida tariflar, tepada taymer orqaga sanaydi. Kassada to'ldirib tarif sotib olsa — o'yiniga qaytadi. Shu vaqtda klub akkauntlari PC'da qoladi, «seans tugagach o'chirish» kutadi. Vaqt o'tsa yoki mijoz «Chiqish»ni bossa — o'yin yopiladi va mijoz hisobdan chiqadi.
  • Mijoz hisobiga kirdi, lekin tarif olmadi (masalan, balansi 0, faqat bonusi bor) — tariflar sahifasida tepada «Kirgan mijozga tarif tanlash vaqti» (sukut 5 daqiqa) orqaga sanaydi; shu vaqt ichida tarif olinmasa, mijoz hisobidan o'zi chiqariladi («Chiqish» bosilgandek) — keyingi odam uning hisobidan seans ocholmaydi. Qayta kirsa, sanoq yana boshlanadi. 0 — cheklovsiz.

Server qayta ishga tushsa, 2 daqiqa ichida aloqasi tiklanmagan PC'dagi mijoz seansi vaqti tugasa ham yopilmaydi — shell ulanganda bo'lak qo'shiladi.

Aloqa uzilsa va svet o'chsa

  • Daqiqabay PC'da aloqa uzilsa. PC to'langan bo'lak oxirida qulflanadi. Undan oldin u «Aloqasiz zaxira vaqti» davomida yana ishlashi mumkin (pul yetsa). PC qayta ulanganda aloqasiz o'ynalgan vaqt depozitdan olinadi va seans davom etadi. Aloqasiz «Chiqish» bosilsa, PC darrov qulflanadi, seans o'sha paytdan yopiladi.
  • Svet o'chsa (60 soniya ichida kamida ikki PC yoki PC va kassa paneli xabarsiz uzilsa). Mijozning oldindan to'langan seansi yopiladi, qolgan vaqt uning hisobiga qoldiq bo'lib saqlanadi (tarif muddati yoki 7 kun), kirganda «Davom etish» chiqadi. Mehmon seansi pauzaga tushadi: panelda «Pauza (svet)» va qolgan vaqt; PC yonsa davom etadi. «Pauzada necha soat kutilsin» o'tsa, seans yopiladi, ishlatilmagan pul «Svet: qaytariladigan» bo'limiga tushadi: Dashboard, kassa va smena. Kassir paussadagi seansni o'zi ham tugatishi mumkin. PC «PC necha daqiqa o'chiq tursa» muddati ichida qaytsa, hech narsa o'zgarmaydi.
  • Bitta PC qotib qolsa. PC «Qotib qolganda qancha daqiqagacha qaytarilsin» ichida qaytsa, o'chiq turgan daqiqalar seansga qo'shiladi (bir seansga jami shunchagacha). Daqiqabayga tegishli emas.
  • Oddiy o'chirish svet emas. PC o'chish yoki chiqishda serverga xabar yuboradi; panelda shu uzilish oldidan o'chirilgan yoki qayta yuklangan PC ham svet hisoblanmaydi.

Seansga oid sozlamalar

Sozlamalar «Sozlamalar» sahifasida, hammasi avtosaqlanadi. Bo'limlar haqida: Sozlamalar (1).

SozlamaNima qiladiSukutChegara
«Pauza eng ko'pi» («Sozlamalar» → «Shell»)Qo'lda pauzaning eng uzun muddati, keyin seans o'zi davom etadi, PC qulfda qoladi60 daq5–720 daq
«Qulf muddati» («Sozlamalar» → «Shell»)Mijoz qulflab ketgan seans shuncha vaqtdan keyin yopiladi30 daq0–240 daq (0 — cheklanmagan)
«Keyin to'lash»Mehmonga «Keyin» bilan seans ochishga ruxsatyoqiq—
«Keyin to'lash» eng ko'p daqiqasiShuncha daqiqadan keyin seans o'zi yopiladi0 (cheklovsiz)0–1440 daq
«Daqiqabay tarifni avtomatik boshlash»Mijoz PC'ga kirganda daqiqabay o'zi boshlanadi (depozitdan)o'chiq—
«Seansni avtomatik davom ettirish»Tarif tugagach seans depozitdan daqiqabayga o'tadio'chiq—
«Tarif sotib olish uchun vaqt»Vaqti tugagan mijoz shuncha daqiqa hisobidan chiqmaydi, o'yini yopilmaydi — tarif sotib olsa o'yiniga qaytadi5 daq0–30 daq (0 — o'chiq)
«Kirgan mijozga tarif tanlash vaqti»Hisobiga kirib tarif olmagan mijoz shuncha daqiqadan keyin hisobidan chiqariladi (tariflar sahifasida sanoq)5 daq0–120 daq (0 — cheklovsiz)
«Virtual qurilmalarda depozitdan seans ochishni taqiqlash»Pristavka/VR'da mijoz o'yin vaqtini depozitdan to'lamaydio'chiq—
Tezkor summalarSavdo oynasi va «Vaqt qo'shish»dagi summa tugmalari2 000, 3 000, 5 000, 10 0001–6 ta, har biri 100–100 000 000
«Aloqasiz zaxira vaqti»Aloqa yo'qda daqiqabay PC bo'lak oxiridan keyin yana shuncha ishlaydi10 daq0–30 daq (0 — o'chiq)
«PC necha daqiqa o'chiq tursa»Shundan keyin svet deb hisoblanadi3 daq1–30 daq
«Pauzada necha soat kutilsin»Svet pauzasidagi mehmon seansi shuncha vaqtdan keyin yopiladi2 soat0,5–12 soat
«Qotib qolganda qancha daqiqagacha qaytarilsin»Bitta PC qotib qolganda qaytariladigan eng ko'p daqiqa10 daq0–30 daq (0 — o'chiq)
Bron boshlanishidan oldin seansni tugatishSeans bron boshidan shuncha daqiqa oldin yopiladi0 daq0–120 daq