Bo'limlar

Tariflar

Tarif — mijoz o'yin vaqti uchun qancha to'lashini belgilaydi. Bu bo'limda tarif turlari, zallar bo'yicha narx, ish jadvali, shell'da ko'rinishi va tartib tushuntiriladi.

Tariflar ro'yxati

Sahifada har bir tarif alohida kartochkada turadi. Kartochkada quyidagilar bor:

  • tarif turi (yuqorida) va nomi;
  • kichik belgilar: «Mijoz shell'da ko'radi», «Shell'da ajratilgan», «Klub aksiyasi va chegirma qo'llanadi», «Bonus bilan olib bo'lmaydi», «Qoldiq saqlanadi» (sichqonchani ustiga olib borsangiz nomi chiqadi);
  • «Zallar» va «Narx»: har zal uchun ikki narx — «Hamma uchun» va «Ro'yxatdan o'tgan mijoz uchun». Mijoz narxi kiritilmagan bo'lsa, u xira ko'rinadi va asosiy narxga teng bo'ladi. Narx umuman yo'q bo'lsa — «Narx belgilanmagan»;
  • «Davomiyligi» (daqiqabayda — «Narx o'lchovi»);
  • jadval: muddatli tarifda «Sotuv jadvali», qolgan turlarda «Amal jadvali». Jadval to'ldirilmagan bo'lsa, kartochkada hamma kun va «00:00 — 00:00» ko'rinadi — bu «doim» degani.

Nofaol tarif xira ko'rinadi va ustida «nofaol» yozuvi turadi.

Tepadagi filtrlar:

  • «Zal» — faqat shu zalda narxi bor tariflar;
  • «Faol» — faqat faol tariflar;
  • «Paketlar» — faqat paket turidagi tariflar;
  • «Chegirma/Promokod» — «Klub chegirmasi yoki promokod qo'llansin» yoqilgan tariflar.

Tarif yo'q bo'lsa panel «Tarif yo'q — birinchisini qo'shing.» deydi; filtrga mos tarif topilmasa — «Filtrga mos tarif yo'q.».

Yangi tarif qo'shish

  1. «Tarif qo'shish» tugmasini bosing. «Yangi tarif» sahifasi ochiladi — bu alohida sahifa, oyna emas. Sahifani yangilasangiz (F5) forma yo'qolmaydi.
  2. «Tarif nomi» bo'limida «Nomi (2–40 belgi)» maydoniga nom yozing, masalan «Tungi paket». «Faol» belgisi yoqilgan bo'lsin. Shell yoki TuranGamer rus tilida ishlatilsa, «Ruscha nomi (ixtiyoriy)» maydoniga ruscha nomini yozing, masalan «Ночной пакет»: rus tilidagi shell va ilova shu nomni ko'rsatadi. Bo'sh qoldirilsa hamma joyda asosiy nom chiqadi.
  3. «Tarif turi» bo'limida «Turi»ni tanlang (pastga qarang). Tur tanlangach uning qisqa izohi va kerakli maydonlar chiqadi.
  4. «Prayslist» bo'limida zal va narxni kiriting.
  5. Kerak bo'lsa «Amal jadvali» va «Sotuv jadvali»ni to'ldiring.
  6. «Qo'shimcha» bo'limida tugmachalarni sozlang.
  7. «Saqlash» tugmasini bosing.

O'ng tomondagi «Oldindan ko'rish» kartochkasi tarif ro'yxatda qanday ko'rinishini darhol ko'rsatadi. To'ldirilmagan joylar «—» bo'lib turadi.

Biror joy to'ldirilmagan yoki xato bo'lsa, «Saqlash» tugmasi bosilmaydi va pastda sababi yoziladi. Masalan: «Tarif turini tanlang», «Davomiylikni kiriting», «Prayslistda kamida bitta zal va narx bo'lsin», «Zal tanlangan, narxi yo'q», «Narx yozilgan, zali tanlanmagan», «Mijoz narxi bor, asosiy narx yo'q».

Yangi tarifda hech narsa oldindan to'ldirilmagan: tur tanlanmagan, davomiylik bo'sh, jadvallar bo'sh. Faqat «Mijozga shell'da ko'rsatilsin» va «Operatorga sotish uchun ko'rsatilsin» yoqilgan bo'ladi.

Mavjud tarifni o'zgartirish uchun kartochkasini bosing — «Tarifni tahrirlash» sahifasi ochiladi. Ro'yxatga qaytish uchun «Orqaga» tugmasini bosing.

To'rt xil tarif

TurQanday ishlaydiMisol
«Muddatli»Sotib olingan paytdan boshlab aniq vaqt beradi15:35 da 3 soat olsa — 18:35 gacha
«Paket»«Amal jadvali»dagi oraliqning oxirigacha ishlaydi, narxi bir xil«Tun» 22:00–08:00: 22:00 da olsa 10 soat, 05:00 da olsa 3 soat
«Daqiqabay»Vaqt hisoblanadi, pul o'ynalgan daqiqa × narx bo'yichaSoati 8 000 bo'lsa, 25 daqiqa — 3 333
«Abonement»Oldindan sotib olinadigan vaqt paketi, mijoz hisobida saqlanadi10 soatlik abonement, 30 kun amal qiladi

Muddatli

  • «Davomiyligi» maydoniga son yozing, «Format»da «Soat» yoki «Daqiqa»ni tanlang. Davomiylik 30 kundan oshmasligi kerak.
  • «Qoldiq saqlansin» yoqilsa: mijoz seansni erta tugatganda qolgan vaqti hisobiga yoziladi va keyingi kirishda davom etadi. Bu faqat ro'yxatdan o'tgan mijozga ishlaydi, mehmonda qoldiq kuyadi.
  • Qoldiq o'ynagan zaliga yoziladi. Mijoz keyin boshqa zal PC'siga kirsa, qoldiq o'sha zal narxiga o'zi o'tadi: pul qiymati o'zgarmaydi, vaqt narx nisbatida. Masalan VIP soati 14 000, umumiy zal 10 000 bo'lsa, VIP'dagi 1 soat 40 daqiqa umumiy zalda 2 soat 20 daqiqa bo'ladi; teskarisiga kamayadi. Shell kirishda yozadi: «“VIP” zalidagi qoldiq shu zalga o'tkazildi: 1 s 40 daq → 2 s 20 daq». Tarifga yangi zal uchun narx qo'yilmagan bo'lsa, qoldiq o'tmaydi, mijoz qaysi zalda ochilishini ko'radi. Sotib olingan abonement o'z zalida qoladi. Jurnalda: «Qoldiq boshqa zalga o'tdi».
  • «Qoldiq muddati»da ikki variant bor:
  • «Kun oxirigacha»;
  • «Kunlar bilan» — «Qoldiq necha kun saqlanadi» maydoni chiqadi (1–366 kun, dastlab 7 turadi).
  • Kartochkada muddatli tarif uchun «Sotuv jadvali» ko'rsatiladi.

Paket

  • Davomiylik so'ralmaydi: paket «Amal jadvali»dagi oraliqning oxirigacha ishlaydi.
  • «Amal jadvali» majburiy — kun va ikkala vaqt bo'lishi kerak. Bo'sh jadval bilan paket saqlanmaydi («Paket uchun amal jadvali majburiy»).
  • Tugash vaqti boshlanishdan oldin bo'lsa, tugash ertangi kunga o'tadi (22:00–08:00).
  • Ro'yxatda davomiylik «08:00 gacha» ko'rinishida yoziladi. Jadvalda bir nechta turli tugash vaqti bo'lsa — «Jadval oxirigacha».

Daqiqabay

  • «Narx o'lchovi» — narx qaysi vaqt birligi uchun ekani, masalan 1 soat. Shu maydonga son yozing va «Format»ni tanlang.
  • Mehmonga kassir daqiqabayni «Keyin» to'lov bilan ochadi — pul seans oxirida, o'ynalgan vaqt bo'yicha olinadi.
  • Ro'yxatdan o'tgan mijozda pul depozitdan 15 daqiqalik bo'laklab olinadi. Chiqqanda faqat o'ynalgan daqiqalar uchun to'laydi, qolgani depozitga qaytadi. «Vaqt qo'shish» ham faqat daqiqabay seansga ishlaydi. Batafsil: Seans.
  • Faqat daqiqabayda qo'shimcha «Narx jadvali (vaqt bo'yicha)» bo'limi bor (pastga qarang).
  • Mijoz PC'ga kirganda daqiqabay o'zi boshlanishi uchun «Sozlamalar» → «Boshqaruv paneli» bo'limida «Daqiqabay tarifni avtomatik boshlash» yoqilgan bo'lishi kerak (sukut — o'chiq). Batafsil: Sozlamalar (1).

Abonement

  • «Davomiyligi» — abonementdagi jami vaqt.
  • «Yashash muddati (kun)» — sotib olingandan keyin necha kun amal qiladi: 1–366, dastlab 30 turadi. Muddat o'tsa qoldiq kuyadi.
  • Abonement faqat ro'yxatdan o'tgan mijozga sotiladi va faqat depozitdan to'lanadi. U mijoz hisobida saqlanadi, PC'ga kirganda (parol yoki TuranGamer QR bilan) o'zi faollashadi, qoldig'i keyingi kirishga qoladi. Pristavka/VR'da shell yo'q — u yerda kassadagi «Abonement» plitkasi orqali ochiladi.
  • Ro'yxatda «3 soat · 30 kun» ko'rinishida yoziladi.

Narx va zallar («Prayslist»)

Narx har zal uchun alohida beriladi. Bitta qatorda bir nechta zal bo'lishi mumkin — ularning narxi bir xil bo'ladi.

  1. «Zal» tanlovidan zal qo'shing. Zal qatorda chip bo'lib turadi; chipdagi × — «Zalni olib tashlash».
  2. Yana zal qo'shish uchun «Yana zal…» tanlovidan foydalaning. Bo'sh zallar ikkitadan ko'p bo'lsa, ro'yxatda «Barcha zallar» ham chiqadi — hammasini birdan qo'shadi.
  3. «Hamma uchun» — asosiy narx (so'mda, butun son).
  4. «Mijozlar uchun» — ro'yxatdan o'tgan mijoz uchun narx. Bo'sh qolsa, ularga ham asosiy narx olinadi.
  5. Boshqa narxli zallar uchun «Qo'shish» bilan yangi qator oching. Hamma zal biror qatorda bo'lsa, «Qo'shish» bosilmaydi.
  6. Ortiqcha qatorni «Qatorni olib tashlash» (×) bilan o'chiring. Oxirgi qator o'chirilmaydi.

Masalan: «Oddiy zal» — 8 000, «VIP» — 12 000. Bu ikki qatorda yoziladi.

Narx jadvali (faqat daqiqabay)

Belgilangan kun va soatda Prayslist narxi o'rniga boshqa narx olinadi. Masalan, kunduzi arzonroq.

  1. «Narx jadvali (vaqt bo'yicha)» bo'limida «Vaqt oralig'i qo'shish» tugmasini bosing.
  2. Kunlarni tanlang (Du, Se, Ch, Pa, Ju, Sh, Ya) va boshlanish–tugash vaqtini kiriting.
  3. Zallarni tanlang («Zal», «Yana zal…», «Barcha zallar»).
  4. «Hamma uchun» va «Mijozlar uchun» narxlarini yozing.

Seans oraliq chegarasidan o'tsa, hisob o'zi keyingi narxga o'tadi va chekda bo'laklar alohida ko'rinadi. Jadvalda yo'q vaqtda Prayslist narxi amal qiladi.

Jadval: kun va soat

Tarifda ikkita jadval bor:

  • «Amal jadvali» — tarif qachon ishlaydi. Kun tanlanmasa — doim ishlaydi.
  • «Sotuv jadvali» — tarif qachon sotiladi. Kun tanlanmasa — doim sotiladi.

Jadvalni to'ldirish:

  1. Kun chiplarini bosing (Du, Se, Ch, Pa, Ju, Sh, Ya). Chip ustida to'liq nomi chiqadi.
  2. Boshlanish va tugash vaqtini kiriting.
  3. Boshqa kunlarda boshqa vaqt kerak bo'lsa, «Oraliq qo'shish» tugmasini bosing. Ortiqcha qator — «Oraliqni olib tashlash» (×); oxirgi qator o'chirilmaydi.

Tugash vaqti boshlanishdan oldin bo'lsa, oraliq ertangi kunga o'tadi. Masalan, 22:00 — 08:00 tungi oraliq bo'ladi.

Bayram kunlari

«Qo'shimcha»dagi «Bayram kunida ishlatilsin» yoqilgan bo'lsa, Sozlamalardagi bayramlar ro'yxatidagi kunlarda tarif yakshanba jadvali bo'yicha ishlaydi va sotiladi.

Qo'shimcha sozlamalar

TugmachaNima qiladi
«Klub chegirmasi yoki promokod qo'llansin»Tarifga klub aksiyalari, promokod va onlayn bron chegirmasi ta'sir qiladi (ilovadagi narxga ham, seansga ham). Batafsil: Sodiqlik tizimi
«Bonus bilan to'lash taqiqlansin»Bu tarifni bonus bilan olib bo'lmaydi — klubda bonus bilan to'lash umuman ruxsat etilgan bo'lsa ham
«Operatorga sotish uchun ko'rsatilsin»Tarif kassada (savdo oynasida) chiqadi
«Sotilganda chek chop etilmasin»Bu tarif sotilganda soliq (fiskal) cheki chiqmaydi — naqd yoki karta bilan to'lansa ham. Tarif bilan birga tovar sotilsa, chekka faqat tovar tushadi. Fiskal kassa cheklari ro'yxatida bunday sotuv «Kerak emas» holatida, sababi bilan ko'rinadi
«Mijozga shell'da ko'rsatilsin»Mijoz tarifni PC ekranida ko'radi va o'zi sotib oladi
«Shell'da ajratib ko'rsatilsin»Tarif shell'da ajralib turadi va birinchilar qatorida chiqadi
«Bayram kunida ishlatilsin»Bayram ro'yxatidagi kunlarda tarif yakshanba jadvali bo'yicha ishlaydi va sotiladi
«Sotilganda Telegram'ga xabar»Telegram ulangan bo'lsa, har sotuvda chatga xabar keladi (Sozlamalar (2))
«Onlayn bron uchun ochiq»Mijozlar tarifni TuranGamer ilovasida bron qila oladi: ilova bron uchun faqat shu belgi yoqilgan tariflarni ko'rsatadi. Belgisiz tarif ilovadagi bron ro'yxatida ko'rinmaydi, u bilan bron qilib ham bo'lmaydi; kassada va shell'da sotilishi o'zgarmaydi. Abonement ilovadan bron qilinmaydi — unda tugmacha o'chiq. Batafsil: TuranGamer ilovasi

Bu yerda yana ikki maydon bor:

  • «Tartib» — ro'yxatdagi o'rni (raqam). Sudrab tartiblaganda server o'zi yangilaydi.
  • Fiskal chek uchun IKPU (MXIK) va o'rov kodi. IKPU — 17 ta raqam, o'rov kodi — raqam. Bo'sh qoldirsangiz Sozlamalar → Fiskal kassadagi kompyuter vaqti kodi ishlatiladi (Sozlamalar (2)). QQS foizi tarifda emas, o'sha Fiskal kassa bo'limida beriladi.

Shell'da tariflar tartibi

Mijoz PC'sidagi bosh sahifada ikkita tarif chiqadi. Ular quyidagi tartibda tanlanadi:

  1. Avval «Shell'da ajratib ko'rsatilsin» yoqilgan tariflar.
  2. Keyin qolganlari.

Ikkala guruh ichida tartib — tariflar ro'yxatidagi tartib (pastdagi «Tartib va o'chirish»).

Shell'dagi tarif kartasida tur, «Foydali» chipi, chegirma va qoldiq ko'rinadi. Shell ekrani haqida batafsil: O'yinchi kompyuteri (shell).

Tartib va o'chirish

Tariflar tartibini ikki yo'l bilan o'zgartirish mumkin:

  • ro'yxatda kartochkani sudrab boshqa joyga qo'ying (kartochkaning burchagida sudrash belgisi bor). Filtr yoqilgan bo'lsa ham to'liq ro'yxatdagi o'rin almashadi. Saqlanmasa «Tartib saqlanmadi» chiqadi va eski tartib qaytadi;
  • tahrirlash sahifasidagi «Tartib» maydoniga raqam yozing.

Tarifni o'chirish uchun tahrirlash sahifasidagi savatcha tugmasini («Tarifni o'chirish») bosing va «"Nomi" o'chirilsinmi? Sotilgan sessiyalar tarixda qoladi.» savoliga rozilik bering.