Bron
Bron — mijoz uchun PC'ni oldindan band qilib qo'yish. Bu bo'limda bron yaratish, ko'rish, o'zgartirish va bekor qilish, mijoz kelganda (yoki kelmaganda) nima bo'lishi va bron qoidalari tushuntiriladi.
Bronlar sahifasi
Sahifa yuqorisidagi qatorda:
- ‹ › va sana — qaysi kun ko'rsatilsin. Strelkalar bir kun orqaga yoki oldinga o'tadi, sanani bossangiz kalendar ochiladi. Sana ustida kun yoziladi: «Bugun, payshanba», «Ertaga, juma» yoki hafta kuni.
- «Ko'rsatish» — zal tanlovi: «Barcha zallar» yoki bitta zal. Zal tanlansa, ko'rsatkichlar, shkala va «Yaqin bronlar» faqat shu zal bo'yicha.
- Qidiruv — «Mijoz, telefon yoki PC». Mijoz ismi yoki telefoni (kamida 3 raqam) yozilsa, shkalada shu mijozning bronlari bor PC'lar qoladi; PC nomi yozilsa — shu PC'lar. «Yaqin bronlar» ham shu bo'yicha qisqaradi.
- «Shkala | Ro'yxat» — ko'rinish: vaqt shkalasi yoki tanlangan kun bronlarining ro'yxati. Tanlov shu kompyuterda eslab qolinadi.
- «Bron qilish» — yangi bron oynasini ochadi.
Ostida to'rtta ko'rsatkich:
- «Hozir bo'sh» — hozir o'tirsa bo'ladigan PC'lar soni va jami (masalan 16 / 21). O'ngda: nechtasida seans («band»), nechtasi hozir bronda va nechtasi o'chiq yoki ta'mirda. Pastdagi yashil chiziq — bo'sh PC'lar ulushi.
- «Seanslar ketmoqda» — ochiq seanslar soni va «Birinchi bo'shaydi» — qaysi PC va soat nechada (daqiqabay va pauzadagi seanslar hisobga olinmaydi).
- «Bugungi bronlar» (boshqa kun tanlansa — «… bronlari») — shu klub kunida boshlanadigan bronlar soni; o'ngda nechtasiga mijoz kelmagan va nechtasi TuranGamer ilovasidan qilingan.
- «Eng yaqin bron» — keyingi bron soati, qancha qolgani («30 daqiqadan keyin»), kim va nechta PC. 30 daqiqadan kam qolsa karta to'q sariq. Kartani bossangiz bron kartochkasi ochiladi.
«Hozir bo'sh», «Seanslar ketmoqda» va «Eng yaqin bron» hozirgi payt bo'yicha hisoblanadi — boshqa kun ko'rilayotgan bo'lsa ham.
Klub kuni 06:00 dan 06:00 gacha. Tungi soatlar (masalan 02:00) oldingi kunning shkalasida ko'rinadi. Shunda kechasi ishlaydigan klubda tun ikkiga bo'linib qolmaydi. 06:00 gacha sahifa ochilsa, sana o'zi kechagi kunni tanlaydi. Bu paytda sana ustida ikkala kun yoziladi — «Bugun, pa–ju», sana esa «22–23 okt»: klub kuni ikkala kalendar sanasini oladi. Bron oynasida «Bugun» — kalendar sanasi («Ju, 23 okt»).
Shkala
Chapda «Kompyuterlar»: har PC nomi, oldida holat nuqtasi (yashil — bo'sh, ko'k — seans, binafsha — hozir bronda, kulrang — o'chiq, to'q sariq — ta'mirda) va o'ngda zal yorlig'i zal rangida (zalga biriktirilmagan PC'da — «Zalsiz»). Tepada soatlar — yozuv har soatda, chiziqcha har yarim soatda — va ko'k belgida hozirgi vaqt.
Soatlar ostida «Bandlik»: har yarim soatda nechta PC band (tirik bronlar va ko'rsatilgan seanslar). Ustun qancha baland va to'q bo'lsa, zal shuncha to'la; o'tgan vaqt — kulrang. Ustun ustiga olib borsangiz, aniq son chiqadi.
Shkalada nimalar ko'rinadi:
- «Hozir» chizig'i — ko'k vertikal chiziq. Undan chapdagi o'tgan vaqt xiralashgan.
- Bronlar — PC qatoridagi shaffof bloklar: tepada mijoz ismi (yoki «Mehmon»), ostida vaqti. Kunduzgi bron — ko'k; bir kecha-kunduz chegarasidan o'tadigan bron (boshlanishi va tugashi har xil sanada, «Tungi bron») — binafsha; daqiqabay bron — binafsha, o'ngga xiralashib boradi. TuranGamer ilovasidan qilingan bron oldida telefon belgisi turadi. Bronda qo'shni qatorlardagi bir nechta PC bo'lsa — bitta baland blok va «3 ta PC» yozuvi.
- Joriy seanslar — shaffof yashil blok: mijoz taxallusi (yoki «Mehmon»), ostida «20:30 gacha»; pastdagi yashil chiziq — seansning o'tgan qismi. Daqiqabay seans o'ngga xiralashib boradi, chunki u qachon tugashi noma'lum. Bu bloklar «Sozlamalar» → «Bronlash» dagi joriy seanslarni ko'rsatish belgisi yoqiq bo'lsa chiqadi (sukut — yoqiq).
- Tugagan va bekor qilingan bronlar shkalada ko'rsatilmaydi — kassir «bu PC band» deb o'ylamasin.
- Mijoz kelmagan bron («Kelmadi») shtrixli ramkada, ismi ustidan chizilgan holda qoladi (pastga qarang).
Sichqonchani bo'sh katak ustiga olib borsangiz, katak ko'k ramkada ajraladi va kichik kartochkada «Xost» va «Vaqt» (yarim soatlik oraliq) chiqadi. Katakni bossangiz — shu PC va vaqtga yangi bron (pastga qarang). Seans bloki ustiga bosish ham shunday.
Bron kartochkasi
Bron blokini bossangiz, uning ostida kartochka ochiladi:
- belgilar: «Kunduzgi bron», «Tungi bron» yoki «Daqiqabay bron»; ilovadan qilingan bo'lsa — «ilovadan»; mijoz kelmagan bo'lsa — «kelmadi»;
- kim: ism, ostida ro'yxatdan o'tgan mijozda — «mijoz · balans …», mehmonda — «mehmon · telefon»;
- «Kompyuter» (yoki «Kompyuterlar») va zal; «Vaqt» — boshlanishi → tugashi va davomiyligi (daqiqabay bronda — «14:00 dan, daqiqabay»); bron bugun bo'lmasa — «Sana»;
- «Oldindan to'lov» — summa va holati: «bronda», «qaytdi» yoki «klubga o'tdi»;
- «Holat» — «Mijoz kelmadi — PC bo'shatildi» (mijoz kelmagan bo'lsa);
- izoh (bo'lsa);
- tugmalar: «O'zgartirish» (bron oynasi) va «Bekor qilish» (tasdiq bilan); daqiqabay bronda yana «Boshlash».
Kartochka tashqariga bosilganda, Esc yoki × bilan yopiladi.
Yaqin bronlar
O'ngdagi «Yaqin bronlar» — hozirgi kunga nisbatan: «Bugun» va «Ertaga» tablari, yonida soni. «Bugun» da hali tugamagan bronlar vaqt tartibida, ostida «O'tganlar» — bajarilgan va mijoz kelmagan bronlar. Har qatorda: soat (oldida rangli nuqta: ko'k — kunduzgi bron, binafsha — tungi yoki daqiqabay, to'q sariq — tez orada boshlanadi, kulrang — o'tgan), kim, belgilar («tun», oldindan to'lov summasi, «kelmadi»), PC'lar va davomiylik.
Boshlanishiga 30 daqiqadan kam qolgan yoki boshlanib, mijoz hali kelmagan bron to'q sariq bilan ajratiladi («30 daqiqadan keyin» yoki «kutilmoqda») va yonida «Keldi» tugmasi chiqadi — u PC menyusidagi «Mijoz keldi» bilan bir xil (pastda: Mijoz kelganda). Daqiqabay bronda tugma — «Boshlash».
Qatorni bossangiz bron kartochkasi ochiladi va shkala shu bronga suriladi; ertangi bron bo'lsa, shkala ertangi kunga o'tadi.
«Ro'yxat» ko'rinishida tanlangan kunning hamma bronlari shunday qatorlarda: «Oldinda» va «O'tganlar».
Sahifa har 20 soniyada o'zi yangilanadi. Boshqa kassir qilgan bron yoki ilovadan kelgan bron ham shu tariqa ko'rinadi.
Bron yaratish
- «Bron qilish» tugmasini bosing yoki shkalada kerakli PC qatoridagi vaqt katagiga bosing. Katakka bossangiz, PC va vaqt oldindan qo'yilgan bo'ladi. «Bron qilish» tugmasi ro'yxatdagi birinchi PC va eng yaqin vaqtni qo'yadi.
- «Bron yaratish» oynasi ochiladi. Hammasi bitta ekranda: chapda kim va qachon, o'ngda PC'lar, pastda «Jami».
- Kim. «Mijoz» tabida ro'yxatdan o'tgan mijozning taxallusi yoki telefonini yozib, uni tanlang — uning kartochkasi chiqadi: ism, telefon va balans (× — boshqa mijoz tanlash). Mijoz bazada bo'lmasa, «Mehmon» tabida «Ismi» va «Telefon» ni to'ldiring. Masalan: Bekzod, +998 90 123 45 67. Telefon maydoniga bosilganda klub mamlakati kodi (masalan +998) o'zi yoziladi, faqat raqam qabul qilinadi. «Mijoz» tabida hech kim tanlanmasa, bron nomsiz mehmonga yoziladi.
- Qachon. «Bugun», «Ertaga» yoki «Boshqa kun» (kalendar; Sozlamalardagi «Necha kun oldin bron qilish mumkin» dan uzoq kunlar yopiq). «Hozir», «+30 daq», «+1 soat», «+2 soat» tugmalari boshlanishni eng yaqin vaqtdan qo'yadi. «Boshi → Tugashi» — ikki maydon: har birining ikki yonida − / + (15 daqiqa, chorak soatga tekislanadi); vaqtni yozib ham bo'ladi — ikki raqamdan keyin «:» o'zi qo'yiladi («22» → «22:», keyin daqiqalar; «9» → «09:»), so'ng Enter. Bugun eng yaqin vaqtdan oldingisi tanlanmaydi. «Tugashi» o'zgarsa davomiylik o'zgaradi; keyingi kunga o'tsa — ostida sanasi («Ju, 23 okt»). Boshida «Tugashi» da «—» turadi (davomiylik tanlanmagan); eng kichik tugashda (boshidan 30 daqiqa) «−» bosilsa, yana «—» bo'ladi.
- Davomiyligi. 1, 2, 3, 4, 5, 6 yoki 8 soat tugmalari. «…» — yarim soat qadam bilan ro'yxat (0,5 dan bronning eng uzun vaqtigacha, sukut — 24) va maydon: raqamni o'zingiz ham yozasiz, masalan 1,5. Mehmonga tugash vaqtisiz bron ham qilsa bo'ladi — tugmalar ostidagi «Daqiqabay», pastga qarang: Daqiqabay mehmon broni.
- Izoh — kerak bo'lsa (256 belgigacha). Masalan: tug'ilgan kun, mikrofon kerak.
- Kompyuterlar. O'ngda PC'lar zallar bo'yicha. Har kartochkada tanlangan vaqt uchun holat:
- yashil — «bo'sh» yoki «bo'sh 23:30 gacha» (keyingi bron boshqa kunda bo'lsa — hafta kuni bilan: «bo'sh Ju 14:00 gacha»);
- qizil — «band 20:00–23:00» yoki «band 22:00 dan»: shu vaqtda boshqa bron bor, bunday PC tanlanmaydi;
- to'q sariq — «seans 20:30 gacha», «daqiqabay seans» yoki «hozir seans»: PC'da seans ketyapti, bron boshlanganda u yopiladi;
- kulrang — «o'chiq» yoki «ta'mirda» (o'chiq PC'ga ham bron qilsa bo'ladi).
PC'ni bosib tanlang (tanlangani ko'k, ✓ bilan; yana bossangiz — olib tashlanadi). Zal sarlavhasida «3 / 6 bo'sh», tanlanganlar soni va «Barcha bo'shlari» — zalning bo'sh va o'chiq PC'lari birdan (hammasi tanlangan bo'lsa — «Tanlovni olish»). Tepada «Hammasi | Bo'shlari» va «PC qidirish».
- Pastdagi «Jami» qatorini tekshiring — kim, sana, vaqt va PC'lar — va «Band qilish» ni bosing.
Tugma bosilmasa, sababi oynada sariq yozuv bilan ko'rsatiladi (PC tanlangan va davomiylik kiritilgan bo'lsa):
| Yozuv | Ma'nosi |
|---|---|
| «Boshlanish vaqti kiritilmagan» | Sana yoki «Boshi» bo'sh |
| «O'tgan vaqtga bron qilib bo'lmaydi» | Boshlanish vaqti allaqachon o'tgan |
| «30 kundan naridagi bron qabul qilinmaydi» | Juda uzoq sana tanlangan (son — «Necha kun oldin bron qilish mumkin» sozlamasi) |
| «Davomiylikni tanlang» | Davomiylik tanlanmagan |
| «Eng kami 15 daqiqa» | Bron 15 daqiqadan qisqa |
| «Eng ko'pi 24 soat» | Bron «Bronning eng uzun vaqti» sozlamasidan uzun |
| «Kamida bitta PC tanlang» | PC tanlanmagan |
| «Bu vaqtda boshqa bron bor: …» | Tanlangan PC shu vaqtda band |
Server xato qaytarsa, u ham shu joyda qizil yozuv bilan chiqadi. PC holati oyna o'zi olgan shu kun bronlari bo'yicha — «Ertaga» yoki boshqa kun tanlansa ham to'g'ri. Bu tekshiruvlar serverdagi bilan bir xil — kassir tugmani bosib xato olmaydi.
Bronni o'zgartirish va bekor qilish
- Shkalada bron blokini (yoki «Yaqin bronlar» dagi qatorni) bosing — bron kartochkasi ochiladi. «O'zgartirish» ni bosing: «Bronni tahrirlash» oynasi ochiladi.
- PC'larni, sanani, boshlanish vaqtini, davomiylikni yoki izohni o'zgartiring.
- «Yangilash» tugmasini bosing.
Bronni bekor qilish uchun kartochkadagi «Bekor qilish» ni yoki tahrirlash oynasining pastidagi «Bronni bekor qilish» ni bosing va savolni tasdiqlang. Bronda oldindan to'lov bo'lsa, savolda u mijoz depozitiga qaytishi aytiladi.
Allaqachon boshlangan bronni tahrirlashda uning o'z boshlanish vaqti qabul qilinadi — «O'tgan vaqtga bron qilib bo'lmaydi» xatosi chiqmaydi.
Bitta PC'ning bronlari
Bitta PC'ning bronlarini alohida oynada ham ko'rish mumkin. Oyna PC menyusidan ochiladi: «Bron» → «Bronlar ro'yxati». Oyna sarlavhasi — «Bronlar ro'yxati (oyna)», ostida PC nomi yoziladi.
Oynada ikki bo'lim bor:
- «Faol bronlar» — hali tugamagan bronlar. Har birining yonida bekor qilish tugmasi (×, «Bronni bekor qilish») turadi.
- «Tugagan bronlar» — bajarilgan, bekor qilingan va mijoz kelmagan bronlar.
«Bron sanasi» orqali kunni tanlang. «Faol bronlar» da sana bo'sh bo'lsa, hammasi ko'rinadi («hammasi»). «Tugagan bronlar» da sana bo'sh bo'lsa, bugungi kun ko'rsatiladi («bugun»). Bron bo'lmasa — «Faol bron yo'q.» yoki «Bu kunda tugagan bron yo'q.».
Har qatorda sana, vaqt oralig'i, mijoz ismi yoki telefoni (bo'lmasa — «mehmon»), izoh va holat: «yangi», «tasdiqlangan», «faol», «tugagan», «bekor», «kelmadi».
Mijoz kelganda
Bron egasi kelganda u o'z PC'siga kiradi. Kirishning yo'llari: PC'da parol, TuranGamer QR yoki kassir orqali — kassir PC menyusida «Bron» → «Mijoz keldi» ni bosadi va seans oynasi ochiladi. «Mijoz keldi» PC'ning bugungi broni bor va PC bo'sh bo'lsa bosiladi.
Bronlar sahifasidagi «Yaqin bronlar» da ham shu tugma bor — «Keldi»: bron boshlanishiga 30 daqiqadan kam qolganda yoki bron boshlanib, mijoz hali kelmaganda chiqadi. Bronda bir nechta PC bo'lsa, avval «Qaysi PC'da seans ochilsin?» — PC'ni tanlaysiz (seansi bor PC tanlanmaydi). Daqiqabay bronda shu joyda «Boshlash».
- Bron egasi o'z PC'siga doim kira oladi — bron boshlanishidan oldinroq ham.
- Bron egasi o'tirgach bron bajarilgan hisoblanadi. Bronning oldindan to'lovi (bo'lsa) mijoz depozitiga qaytadi va seans uchun ishlatiladi.
- Uning seansi bron tufayli qisqartirilmaydi.
- Ilovada tarif tanlab bron qilingan bo'lsa, mijoz kirishi bilan shu tarif o'zi boshlanadi. Daqiqabay tarif (masalan «Standart» × 2 soat) bron qilingan soatlarga ochiladi va PC ekranida qolgan vaqt ko'rinadi. Mijoz erta tursa ishlatilmagan puli qaytadi; soatlar tugagach puli bo'lsa daqiqabay davom etadi. Depozit bron soatlariga yetmasa — odatdagi daqiqabay (bor puliga).
- Mijoz PC'ga kirgan (parol yoki QR), lekin hali tarif tanlayotgan yoki kassada pul to'ldirayotgan bo'lsa ham, u kelgan hisoblanadi — bron «Kelmadi» bo'lmaydi.
Mehmon broni
Mehmon (akkauntsiz mijoz) PC'ga parol yoki QR bilan kira olmaydi — uning seansini kassir ochadi:
- Kelgan mehmonning PC'si menyusida «Bron» → «Mijoz keldi» ni bosing.
- Odatdagi seans oynasi ochiladi. Tarif, vaqt va to'lov usulini tanlab seansni oching (Seans: ochish, vaqt qo'shish, pauza, ko'chirish, tugatish).
- Shu PC bron qulfidan chiqadi: seans bron vaqtiga qaramay ochiladi va bron uni qisqartirmaydi.
Bronda bir nechta PC bo'lsa (masalan 10 ta PC 2 soatga), har PC alohida: kelganlarning PC'larida seans ochasiz, qolganlari bronda kutadi. Bronning hamma PC'larida seans ochilgach, bron bajarilgan hisoblanadi. Mehmonlarning bir qismi kutish vaqti ichida kelmasa, ularning PC'lari bo'shaydi va panelda «… kelmadi — PC9, PC10 bo'shatildi» chiqadi (faqat bo'shagan PC'lar). Bron «Kelmadi» bo'lmaydi — u bajarilgan hisoblanadi, chunki mehmonlarning bir qismi kelgan.
Bronning birorta PC'sida seans ochilgach, bron vaqti va PC'lari o'zgarmaydi — faqat izohi («Bronni tahrirlash» oynasida: «Bron PC'larida seans ochilgan — vaqti va PC'lari o'zgarmaydi, faqat izoh.»). Oynada faqat bronda qolgan PC'lar ko'rinadi. Kechikayotgan mehmonlarga ko'proq vaqt kerak bo'lsa, ularning PC'lariga yangi bron qiling.
Bron ro'yxatdan o'tgan mijoz nomiga bo'lsa, «Mijoz keldi» oynasida shu mijozni tanlang — bron o'zi yopiladi. Boshqa odamga bunday bron PC'sida seans ochilmaydi (bron qulfi) — kerak bo'lsa avval bronni bekor qiling.
Daqiqabay mehmon broni
Daqiqabay bron — tugash vaqti yo'q mehmon broni. Belgilangan vaqtdan PC'lar qulf bo'ladi va hisob shu vaqtdan daqiqabay ketadi, lekin PC o'zi ochilmaydi. Mehmonlar kelganda kassir «Boshlash» ni bosadi — qulf ekrani ochiladi. Masalan, jamoa 14:00 ga 5 ta PC band qildi, lekin qachon kelishi va qancha o'tirishi noma'lum.
Daqiqabay bron qilish uchun kerak:
- «Sozlamalar» → «Boshqaruv paneli» → «Seanslar» → «Keyin to'lash» yoqiq (Sozlamalar (1): Boshqaruv paneli, Shell, Xavfsizlik, Bronlash);
- xodimda «keyin to'lash» seansi huquqi bor (Xodimlar va huquqlar);
- klubda kamida bitta daqiqabay tarif bor (Tariflar).
Shular bo'lmasa, bron oynasida «Daqiqabay» tugmasi bo'lmaydi.
Yaratish
- «Bron yaratish» oynasini oching va «Mehmon» tabida mehmonning ismi va telefonini yozing. Ro'yxatdan o'tgan mijoz tanlansa, tugma o'chadi: «Daqiqabay bron faqat mehmonga».
- «Qachon» da kunni va «Boshi» ni qo'ying — hisob shu vaqtdan boshlanadi.
- Davomiylik tugmalari ostidagi «Daqiqabay» ni bosing (yonidagi ⓘ da qisqa izoh). Tarif tanlash shart emas: hisob klubning daqiqabay tarifi bo'yicha (bir nechta bo'lsa — tariflar ro'yxatidagi birinchisi), narx — PC zaliga qarab. Qaytadan soat tanlasangiz, bron odatdagidek bo'ladi.
- PC'larni tanlang. «Tugashi» da — «mehmon ketganda», «Jami» qatorida — «14:00 dan, daqiqabay».
- «Band qilish» ni bosing.
Shkalada bunday bron bloki bron boshidan «Bronning eng uzun vaqti» (sukut — 24 soat) gacha cho'ziladi va o'ngga xiralashib boradi. Blokda «14:00 dan, daqiqabay» yoziladi.
Bron vaqtida
- PC'lar odatdagi bron kabi qulf: begona mijoz ham, mehmon ham kira olmaydi. Xabarda tugash vaqti yo'q: «Bu PC 14:00 da bron qilingan — boshqa PC'ga o'ting». PC qulf ekranida ham tugashsiz: «Bron 14:00 dan».
- Bron «Kelmadi» bo'lmaydi: mehmonlar kech kelsa ham hisob bron boshidan, PC'lar kutadi.
- Mehmonlar umuman kelmasa, bronni o'zingiz bekor qiling («Bronni bekor qilish»). Aks holda PC'lar «Bronning eng uzun vaqti» tugaguncha qulf turadi.
«Boshlash»
«Boshlash» bir necha joyda bor:
- PC menyusida «Bron» → «Mijoz keldi» — shu PC belgilangan holda;
- bronlar sahifasida: bron kartochkasida va «Bronni tahrirlash» oynasida («Yangilash» yonida), «Yaqin bronlar» da — bron boshlanishiga 30 daqiqadan kam qolganda;
- «Bronlar ro'yxati (oyna)» da bron qatorida.
Bosilganda «Daqiqabay bronni boshlash» oynasi ochiladi:
- Bronning hali boshlanmagan PC'lari ko'rinadi. Kelgan mehmonlarning PC'lari «Boshlanadi», qolganlari «Kutadi» — PC'ni bosib almashtiring.
- «Boshlash (N)» ni bosing.
- Tanlangan PC'larda «keyin to'lash» daqiqabay seansi bron tarifi bilan ochiladi va qulf ekrani ochiladi. Hisob bron boshidan ketadi: bron 14:00 da, mehmon 14:20 da keldi — seans 14:00 dan hisoblanadi. Mehmonlar bron vaqtidan oldin kelsa, hisob hozirdan.
- Boshlangan PC bron qulfidan chiqadi. Qolgan PC'lar bronda kutadi — keyin yana «Boshlash» ni bosasiz. Bronning hamma PC'lari boshlangach, bron bajarilgan hisoblanadi.
Biror PC'da seans ochilmasa (masalan PC ta'mirda), oynada shu PC sababi bilan yoziladi, qolganlari ochilaveradi. Ochilmagan PC bronda qoladi.
Seans tugaganda pul kassada olinadi — oddiy «keyin to'lash» kabi: Keyin to'lash va hisob-kitob.
Mijoz kelmasa
Bron boshlanganidan keyin egasini kutish vaqti o'tadi (sukut — 15 daqiqa, «Sozlamalar» → «Bronlash» da o'zgartiriladi). Shu vaqt ichida egasi kelmasa, bron o'zi «Kelmadi» holatiga o'tadi:
- PC bo'shaydi va unga boshqalar o'tira oladi.
- Oldindan to'lov darhol klubga o'tadi (kartochkada «klubga o'tdi»).
- Panelda xabar va ovoz chiqadi: «… kelmadi — PC5 bo'shatildi».
- PC qulf ekranidagi bron yozuvi yo'qoladi.
- «Loglar» da yozuv qoladi.
Shkalada «Kelmadi» bron shtrixli ramkada, ismi ustidan chizilgan holda ko'rinadi; «Yaqin bronlar» da — «O'tganlar» ostida «kelmadi» belgisi bilan. Uni tahrirlab ham, bekor qilib ham bo'lmaydi. Ustiga bossangiz, bo'shagan vaqtga yangi bron ochiladi. «Bronlar ro'yxati (oyna)» da u «Tugagan bronlar» bo'limida «kelmadi» holati bilan turadi.
Egasi keyinroq kelsa va PC bo'sh bo'lsa, u oddiy mijoz kabi o'tiradi. Bu holda unga ilova chegirmasi ham bo'lmaydi, oldindan to'lov ham qaytmaydi.
Bronli PC'da boshqa mijoz
Bron yaqinlashganda PC boshqa mijozlar uchun bosqichma-bosqich yopiladi:
- Bron boshlanishidan oldin (sukut — 15 daqiqa oldin) bu PC'ga bron egasidan boshqa hech kim kira olmaydi: parol ham, QR ham, ro'yxatdan o'tish ham. Kassir ham bu PC'da yangi seans ocha olmaydi, hatto mehmonga ham. Xabar: «Bu PC 14:00 da bron qilingan — boshqa PC'ga o'ting».
- Bron ketayotgan paytda: «Bu PC hozir bron qilingan (14:00–16:00) — boshqa PC tanlang».
- Undan oldinroq boshqa mijoz o'tirishi mumkin, lekin faqat bron oldigacha (bron boshi minus bron oldidan seansni tugatish daqiqalari):
- abonement va summa bo'yicha daqiqabay seans bron oldigacha ochiladi;
- abonementdan faqat o'ynalgan vaqt ayriladi, pul faqat shu qisqa vaqt uchun olinadi (kassir 6 000 kiritsa-yu, brongacha 20 daqiqa qolsa, taxminan 2 000 olinadi — qaytimni shunga qarab bering);
- kassir panelda «Bron sababli 13:55 da tugaydi» xabarini ko'radi;
- nahd + karta («Bo'lib») bilan qisqa seans ochilmaydi — kassir kichikroq summa kiritadi.
- Qat'iy tugash vaqtli tarif bron oldidan oshsa, rad etiladi: «Bu PC 14:00 dan bron qilingan — 13:55 gacha tugaydigan tarif tanlang». PC ekranidagi tariflar ro'yxatida bunday tariflar «Band» bo'lib turadi.
- O'ynashga 5 daqiqadan kam qolsa, seans umuman ochilmaydi: «Bu PC 14:00 dan bron qilingan — boshqa PC tanlang».
- Seansni ko'chirish: boshqa mijozning broni ketayotgan yoki seans tugashidan oldin boshlanadigan PC'ga seansni ko'chirib bo'lmaydi — kassir ham, mijoz PC'dan o'zi ham.
- Pauza: PC'da boshqa mijozning broni bo'lsa, seansni pauzaga qo'yish bron oldigacha cheklanadi — panel «Bron sabab pauza ko'pi bilan N daqiqa» deydi; 5 daqiqadan kam joy qolsa pauza berilmaydi.
Bron vaqti kelganda PC'dagi ochiq seansni server o'zi tugatadi (bron oldidan seansni tugatish qiymati bo'yicha). PC qulf ekranida bron vaqti ko'rinadi, masalan «Bron 14:00–16:00»; bosh ekranda bron 3 soat ichida bo'lsa — «13:55 gacha o'ynay olasiz».
Bron qoidalari (sozlamalar)
Bronga oid hamma sozlama bitta bo'limda: «Sozlamalar» → «Bronlash». Bo'lim guruhlari: vaqt, kirish va kutish, pul, PC, ilova, SMS eslatma. Sozlamalarning paneldagi aniq nomlari va to'liq tavsifi — Sozlamalar (1): Boshqaruv paneli, Shell, Xavfsizlik, Bronlash bo'limida. Hamma o'zgarish avtomatik saqlanadi.
| Sozlama | Nima qiladi | Sukut | Chegara |
|---|---|---|---|
| Necha kun oldin bron qilish mumkin | Qancha kun oldinga bron qabul qilinadi | 30 kun | 1–365 |
| Bronning eng uzun vaqti | Bitta bron necha soatgacha bo'lishi mumkin | 24 soat | 1–168 |
| Eng kam bron (ilova) | Ilovadan bron kamida necha soat | 1 soat | 1–24 |
| Seansdan keyin kutish (ilova) | Seans tugagach yangi bron uchun necha daqiqa kutiladi | 0 | 0–1440 |
| Grafikda joriy seanslar | Bronlar shkalasida joriy seanslar (yashil bloklar) ko'rinadi va «Bandlik» da hisoblanadi | yoqiq | — |
| Bron oldidan kirishni yopish | Bron boshidan necha daqiqa oldin begona mijoz PC'ga kira olmaydi | 15 daqiqa | 0–240 (0 — faqat bron vaqtida) |
| Bron egasini kutish vaqti | Bron boshidan necha daqiqa o'tib egasi kelmasa, bron «Kelmadi» bo'ladi | 15 daqiqa | 1–240 |
| Bron oldidan seansni tugatish | PC'dagi seans bron boshlanishidan necha daqiqa oldin yopiladi | 0 (bron boshlanganda) | 0–120 |
| Oldindan to'lov | Bron narxining necha foizi mijoz depozitidan bronga o'tadi | 0 % (to'lov yo'q) | 0–100 % |
| Bron qilgandan keyin bepul bekor qilish | Bron qilingandan keyin shu vaqt ichida bekor qilish doim bepul — bron boshlangan bo'lsa ham, mijoz PC'ga o'tirmaguncha | 5 daqiqa | 0–120 (0 — o'chiq) |
| Bepul bekor qilish (soat) | Boshlanishiga shuncha soat qolguncha bekor qilish bepul | 0 | 0–72 |
| Kech bekor qilish jarimasi | Kech bekor qilinsa bron narxidan necha foiz ushlanadi | 0 % | 0–100 % |
| Ilovadan bron chegirmasi | Ilovadan bron qilgan mijozga chegirma («Klub chegirmasi yoki promokod qo'llansin» yoqilgan tariflarga) | 0 % | 0–100 % |
| Bron oldidan PC'ni yoqish | O'chiq PC bron boshlanishidan oldin o'zi yoqiladi | o'chiq; 10 daqiqa oldin | 1–120 daqiqa |
| Daqiqabay seansdagi PC band | Daqiqabay seansdagi PC ilovada shuncha soat oldinga band ko'rinadi; kassadan bron — tasdiq bilan | yoqiq; 12 soat | 1–72 soat |
| Ilovadan bron | Mijoz TuranGamer'dan o'zi bron qila oladi | yoqiq | — |
| O'zi bekor qilish | Mijoz bronini ilovadan o'zi bekor qiladi | yoqiq | — |
| Bir bronda bir nechta PC (ilova) | Ilovadan bitta bronga bir nechta PC | o'chiq | — |
| Bandlik ko'rinadi (ilova) | Ilovada bo'sh joylar ko'rinadi | yoqiq | — |
| SMS eslatma | Bron boshlanishidan oldin mijozga SMS yuboriladi | o'chiq; 30 daqiqa oldin | 5–180 daqiqa |
Ilovadan onlayn bron
Mijozlar TuranGamer ilovasidan ham o'zi bron qila oladi. Bunday bron shkalada va «Yaqin bronlar» da telefon belgisi bilan ko'rinadi, bron kartochkasida — «ilovadan» belgisi; «Bugungi bronlar» ko'rsatkichida ilovadan qilinganlar soni alohida yoziladi. Ilovada oldindan to'lov, bepul bekor qilish, kech bekor qilish jarimasi va ilova chegirmasi qoidalari ishlaydi; «Kelmadi» bo'lgan bron ilovada ham shunday ko'rinadi. Batafsil: TuranGamer ilovasi.