Mijozlar: hisob, balans va bonus
«Mijozlar» bo'limida klubda ro'yxatdan o'tgan o'yinchilar saqlanadi. Bu yerda mijoz qo'shasiz, uning depozitini to'ldirasiz, bonus, chegirma, parol va qarzini boshqarasiz, tarixini ko'rasiz.
Mijozlar ro'yxati
Sahifa tepasida ikkita yorliq bor: «Mijozlar» va «Guruhlar». Har birining yonida soni ko'rinadi. Yonida qidiruv maydoni, o'ngda «Mijoz qo'shish» va «Excel eksport» tugmalari.
Ro'yxat ustida to'rtta karta turadi — barcha mijozlar bo'yicha jamilar (qidiruvga bog'liq emas).
- «Mijozlar» — mijozlar soni. Ostida «Guruhlarda: N» — biror guruhga qo'shilgan mijozlar (klubda guruh bo'lsa chiqadi).
- «Depozitlarda» — mijozlar hisobidagi pul: faqat musbat balanslar yig'indisi.
- «Qarzlarda» — mijozlarning jami qarzi (manfiy balanslar yig'indisi), ostida «Qarzdorlar: N». Qarz bo'lsa, summa qizil, kartaning o'ng yuqori burchagida esa ko'z belgisi («Ko'rsatish») bor (pastda «Qarzdorlar»ga qarang).
- «Bonuslarda» — mijozlar hisobidagi jami bonus.
Jadval ustunlari: «Mijoz», «Oxirgi tashrif», «Abonement», «Guruh», «Chegirma», «Depozit», «Bonuslar», «Holat», «Ro'yxatdan o'tgan sana».
- «Mijoz» — avatar (shell va TuranGamer'dagi rasm: o'yinchi o'zi tanlagani, bo'lmasa taxallusiga bog'langani), taxallus va ostida telefon raqami.
- «Oxirgi tashrif» — «Bugun, 13:59», «Kecha, 08:05» yoki sana. Bir haftadan eskisi xiraroq. Aniq sana va vaqt — sichqonchani katak ustiga olib borsangiz chiqadi.
- «Abonement» — mijozning faol abonementi: qolgan vaqt, amal qilish muddati («… gacha» yoki «kun oxirigacha») va qolgan qismini ko'rsatadigan chiziq.
- «Guruh» — guruh nomi va uning chegirmasi.
- «Depozit» — balans. Qarz qizil rangda, minus bilan; nol xira.
- «Holat» — «O'ynayapti · PC05» (mijozning hozir ochiq seansi bor — tarifidan qat'i nazar: daqiqabay, abonement, paket yoki «keyin to'laydi»; yonida PC nomi; bitta hisobdan bir nechta PC'da o'ynasa — uchtagacha hammasi, ko'pi — «5 ta PC», to'liq ro'yxati sichqoncha ustida), «Faol» yoki «Bloklangan».
- Ustun nomini bossangiz, ro'yxat shu ustun bo'yicha saralanadi («Abonement» saralanmaydi). Sukut bo'yicha oxirgi tashrifi yaqinroq mijoz tepada.
Ro'yxat sahifalarga bo'lingan — bir sahifada 50 mijoz, pastda sahifa raqamlari.
Qatorni bossangiz, mijoz profili ochiladi. Sichqonchani qator ustiga olib borsangiz, o'ng chetda ikkita tugma chiqadi: «To'ldirish» (qarzi bor mijozda — «Qarzni to'lash») depozit oynasini profilni ochmasdan ochadi (pastda «Depozitni to'ldirish»ga qarang), «…» — qator menyusi. Tor ekranda «To'ldirish» faqat hamyon belgisi bo'lib turadi. Qatorda sichqonchaning o'ng tugmasini bossangiz ham shu menyu chiqadi: «Profilni ko'rish», «Guruhga qo'shish» (guruh tanlanadi), «Guruhdan chiqarish», «O'chirish».
Mijozni qidirish
- Qidiruv maydoniga («Taxallus yoki telefon bo'yicha topish») ism, taxallus yoki telefon raqamini yozing.
- Ro'yxat yozayotganingizda o'zi yangilanadi.
Qidiruv so'zning boshidan ishlaydi: «Ali» yozsangiz «Alisher» topiladi, «sher» yozsangiz — yo'q.
Panel tepasidagi «Mijozni topish» maydoni har bir sahifada bor. Ikkita belgidan keyin mos mijozlar ro'yxati chiqadi. Birini bossangiz, uning profili siz turgan sahifaning ustida ochiladi — bo'lim almashmaydi, profilni yopsangiz o'sha joyga qaytasiz. «+» → «Mijoz yaratish» bilan yangi mijoz qo'shganda ham uning profili shunday ochiladi.
Qarzdorlar
«Qarzlarda» kartasining o'ng yuqori burchagidagi ko'z belgisini («Ko'rsatish») bossangiz, ro'yxatda faqat qarzi bor mijozlar qoladi. Eng katta qarz eng tepada turadi. Karta qizil ramka bilan ajraladi va unda shu ro'yxatning jami qarzi va «Qarzdorlar: N» turadi (qidiruv bilan — topilganlarniki). Belgi to'liq qizil bo'ladi («Yashirish») — uni yana bossangiz, oddiy ro'yxat qaytadi. Mijozlarda qarz bo'lmasa, belgi chiqmaydi.
Excel eksport
«Excel eksport» tugmasi joriy qidiruv va qarzdorlar filtri bo'yicha hamma mijozlarni — faqat ochiq sahifani emas — .xlsx faylga yuklab beradi: taxallus, telefon, oxirgi tashrif, chegirma, abonement, guruh, depozit, bonus, holat, ro'yxatdan o'tgan sana. Qatorlar tartibi — jadvaldagidek. Fayl Excel, LibreOffice yoki Google Sheets'da ochiladi: sarlavha qatori qotirilgan va filtrli, summa va sanalar — son (saralash, qo'shish mumkin), qarz qizil rangda.
«Oxirgi tashrif» — mijozning oxirgi seansi boshlangan vaqt (mijoz kartasidagidek).
Mijoz qo'shish
- «Mijoz qo'shish» tugmasini bosing. «Yangi mijoz» oynasi ochiladi.
- «Telefon» maydoniga raqamni kiriting, masalan +998 90 123 45 67. Klub mamlakati kodi (masalan +998) o'zi yoziladi, faqat raqam teriladi; raqam «+998 90 123 45 67» kabi guruhlanadi.
- Xohlasangiz «Taxallus»ni, pastroqda — «Ixtiyoriy» guruhida «Ism», «Familiya», «Tug'ilgan sana» va «Guruh»ni to'ldiring.
- «Qo'shish» tugmasini bosing. «Bekor qilish» oynani saqlamasdan yopadi.
Telefon raqami mijozning asosiy belgisi. Raqami yo'q (9 ta raqamdan kam) mijozni qo'shib bo'lmaydi. Raqam kompaniyada boshqa mijozda band bo'lsa, xato chiqadi.
Mijozni tahrirlash
- Profil tepasidagi qalam belgisini («Tahrirlash») bosing. «Mijozni tahrirlash» oynasi ochiladi.
- Taxallus, ism, familiya, tug'ilgan sana yoki guruhni o'zgartiring.
- «Saqlash»ni bosing.
Telefon raqamini almashtirish
«Telefon» maydoni tahrirlash oynasida faqat egasi va menejerga ko'rinadi. Kassirda bu maydon yo'q. Huquq xodim rollarida beriladi (Xodimlar va huquqlar).
Raqamni almashtirishdan oldin bilib qo'ying:
- Telefon — mijozning kirish kaliti. Mijoz endi PC'ga va TuranGamer ilovasiga yangi raqam bilan kiradi.
- Ilovadagi eski kirish bekor bo'ladi.
- PC'da ochiq turgan seans saqlanadi.
- Raqam kompaniyada boshqa mijozda band bo'lsa, xato chiqadi.
- Mijozga SMS yuborilmaydi.
- Xodim raqamni almashtirsa, telefon tasdig'i yo'qoladi (pastda «Telegram va telefon tasdig'i»ga qarang).
- Kim, qachon, qaysi raqamdan qaysi raqamga almashtirgani «Loglar»ga yoziladi (Loglar).
Mijozni o'chirish
- Ro'yxatda mijozlarni belgilang (chap tomondagi katakcha). Bitta mijozni o'ng tugma menyusidan ham o'chirish mumkin.
- Tepada «O'chirish» tugmasini bosing va tasdiqlang.
Mijoz ro'yxatdan yo'qoladi, lekin uning tarixi (to'lovlar, tashriflar) saqlanadi.
Guruhlar
Guruh — mijozlar toifasi, masalan «Doimiy mijozlar». Guruhning o'z chegirmasi bor va u a'zolarning barcha xaridlariga qo'llanadi.
Guruh yaratish
- «Guruhlar» yorlig'iga o'ting.
- «Guruh yaratish» tugmasini bosing.
- «Nomi» va «Chegirma» (0–100 %) ni kiriting.
- «Yaratish»ni bosing.
Guruhlar jadvali: «Nomi», «A'zolar», «Chegirma», «Yaratilgan sana». Guruhni bossangiz «Guruhni tahrirlash» oynasi ochiladi («Saqlash», «O'chirish»). O'ng tugma menyusida — «Tahrirlash», «O'chirish». Guruh o'chirilsa, a'zolari guruhsiz qoladi.
Mijozni guruhga qo'shish
- «Mijozlar» ro'yxatida bir yoki bir nechta mijozni belgilang.
- «Guruhga qo'shish»ni bosing va guruhni tanlang.
Guruhdan chiqarish uchun mijozlarni belgilab, «Guruhdan chiqarish»ni bosing. Bu tugma belgilanganlar orasida guruhdagi mijoz bo'lsagina chiqadi.
Mijoz profili
Profil ro'yxatdan, PC kartochkasidan va Analitika hisobotidagi mijoz nomidan ochiladi. U ikki qismdan iborat.
Chap tomonda:
- ism, telefon, «Tahrirlash» (qalam) va «Parolni o'zgartirish» (kalit) tugmalari;
- «Depozit to'ldirish» (qarzi bo'lsa — «Qarzni to'lash») va yonida «Pulni qaytarish» (minus belgisi);
- belgilar: guruh nomi yoki «Guruhsiz», «Bloklangan», «PC'dan ro'yxatdan o'tgan», «Telegram ulangan», «Ikki bosqichli kirish yoqiq», «Telefon tasdiqlangan» yoki «Tasdiqlanmagan», «Parol bloklangan: … gacha»;
- balans, bonus, qarz limiti va shaxsiy chegirma qatorlari;
- «Qarz yozish» tugmasi va yonida qarzni kechirish tugmasi (faqat egasi va menejerda);
- «Mijoz haqida batafsil» — ism va tug'ilgan sana, «Ro'yxatdan o'tgan …», oxirgi tashrif va tashriflar soni (yoki «Hali kelmagan»), «Klubda o'tkazgan vaqti … soat», «Jami sarflagan …»;
- «Mijoz haqida izoh» — oxirgi izoh;
- «Bloklash» tugmasi.
O'ng tomonda yorliqlar: «Mijoz profili», «Izohlar», «Abonementlar», «Shaxsiy fayllar».
Balans nimani ko'rsatadi
Balans — mijoz hisobidagi pul (depozit). Manfiy bo'lsa, u qizil rangda va oldida «Qarz» yozuvi bilan chiqadi.
Mijoz hozir PC'da daqiqabay tarifda o'ynayotgan bo'lsa, balans har daqiqada kamayib boradi. Sichqonchani balans ustiga olib borsangiz, izoh chiqadi: «O'ynayapti: balans har daqiqada kamayadi (depozit … S' + bo'lakda ushlangan pul)». Bu raqam mijoz PC'da ko'rgan balans bilan bir xil. Ro'yxatdagi «Depozit» ustunida ham shu balans turadi. Batafsil: Seans.
Mijozni bloklash
«Bloklash» tugmasini yoqing va tasdiqlang («… bloklansinmi? U PC'ga kira olmaydi.»). Bloklangan mijoz PC'ga kira olmaydi, ro'yxatda «Bloklangan» holati chiqadi. Blokdan chiqarish uchun tugmani o'chiring.
Izohlar
«Izohlar» yorlig'ida xodimlar mijoz haqida yozuv qoldiradi. Matnni «Izoh» maydoniga yozib, Enter yoki yuborish tugmasini bosing (1000 belgigacha). Har izohda muallif va vaqt ko'rinadi. Oxirgi izoh chap tomondagi «Mijoz haqida izoh» qismida ham turadi.
Depozitni to'ldirish
Ro'yxatdan o'tgan mijoz kassada faqat depozitdan to'laydi. Mijoz naqd yoki karta bersa, avval depozitni to'ldirasiz, keyin u depozitdan to'laydi. Batafsil: Seans, Bar.
- Profilda «Depozit to'ldirish»ni bosing (balans qatoridagi qalam ham shu oynani ochadi). Ro'yxatdan ham bo'ladi: sichqonchani qator ustiga olib boring va «To'ldirish»ni bosing.
- «Summa»ni kiriting yoki tayyor summa tugmasini bosing.
- «To'lov usuli»ni tanlang: «Naqd», «Karta» yoki onlayn to'lov tizimi («… (onlayn)»).
- Promokod bo'lsa, «Promokod (ixtiyoriy)» maydoniga yozing. Maydondan chiqqaningizda kod tekshiriladi: «✓ +…» yoki xato sababi.
- «To'ldirish»ni bosing.
Oynada mijozning hozirgi balansi va to'ldirilgandan keyingi balansi ko'rinadi: «… · hozir … → …».
Tayyor summa tugmalari sukut bo'yicha: 2 000, 3 000, 5 000, 10 000. Ularni Sozlamalarda o'zgartirish mumkin — 1 tadan 6 tagacha summa, har biri 100 dan 100 000 000 gacha (Sozlamalar (1)).
Onlayn to'lov (QR)
- «To'lov usuli»da onlayn tizimni tanlang.
- «Havola yaratish»ni bosing.
- Ekranda QR kod chiqadi: «Mijoz telefoni bilan skanerlasin · to'lov kutilmoqda, hisob #…». Mijoz uni telefoni bilan skanerlab to'laydi.
- To'lov o'tgach, «To'landi ✓» yozuvi chiqadi va oyna o'zi yopiladi. Mijoz to'lovni bekor qilsa — «To'lov bekor qilindi».
Havolani mijozga yuborish uchun «Havoladan nusxa olish»ni bosing — «Nusxa olindi» chiqadi.
Pulni qaytarish
Mijoz «pulimni qaytaring» desa yoki xodim ortiqcha yozib yuborgan bo'lsa:
- Profilda «Depozit to'ldirish» yonidagi minus tugmasini («Pulni qaytarish») bosing.
- «Summa»ni kiriting. Oynada hisobdagi pul ko'rinadi: «Hisobda: … S'».
- Usulni tanlang: «Naqd», «Karta» yoki «Pulsiz» (pastda).
- «Sabab»ni yozing — bu majburiy.
- «Qaytarish»ni bosing.
Summa mijoz hisobidan yechiladi va kassadan chiqadi. Bu smena hisobotida ko'rinadi (Dashboard, kassa va smena).
Pulsiz yechish
Eski pulni (oldingi smenada yoki onlayn to'ldirilgan, endi kerak bo'lmagan) hisobdan pul bermasdan olib tashlash kerak bo'lsa, usul sifatida «Pulsiz»ni tanlang. Summa faqat mijoz hisobidan olib tashlanadi: kassadan pul chiqmaydi, tushum o'zgarmaydi va soliq qaytarish cheki berilmaydi. Smena hisobotida (Kassa oynasi) bu alohida satrda ko'rinadi: «Hisobdan pulsiz yechilgan (kassaga tegmaydi)». Jurnalda yozuv «Depozitdan pulsiz yechildi».
Bonus
Bonus — mijozga beriladigan qo'shimcha pul. U keshbek, yutuqlar, promokod orqali yoki xodim tomonidan qo'lda hisoblanadi. Mijoz bonus bilan o'yin vaqti va tovar uchun to'laydi. Batafsil: Sodiqlik tizimi.
Bonusni qo'lda o'zgartirish
- Profilda bonus qatoridagi qalamni («Bonusni qo'lda o'zgartirish») bosing.
- Summani yozing: qo'shish uchun masalan +5000, ayirish uchun -2000.
- Xohlasangiz «Sabab (ixtiyoriy)»ni yozing.
- «Saqlash»ni bosing.
Qo'lda bonus yozish sukut bo'yicha yoqilgan. Sozlamalarda o'chirilsa, qalam o'rnida «Bonusni qo'lda o'zgartirish Sozlamalarda o'chirilgan» izohi turadi (Sozlamalar (1)). Qo'lda bonus «Loglar»ga yoziladi.
Bonus harakatlari «Mijoz profili» → «Sodiqlik tizimi» yorlig'ida ko'rinadi: sana, turi («Keshbek», «Sarflandi», «Hisoblandi», «Promokod», «Qaytarildi», «Qo'lda»), operatsiya izohi, summa va qoldiq.
Shaxsiy chegirma
- Profilda foiz belgili qatordagi qalamni («Shaxsiy chegirma») bosing.
- Foizni kiriting (0 dan 100 gacha, kasr bilan ham mumkin). 100 dan ortiq yozib bo'lmaydi.
- Belgi tugmasini («Saqlash») yoki Enter'ni bosing.
Shaxsiy chegirma qo'llanishi sukut bo'yicha yoqilgan, uni Sozlamalarda o'chirish mumkin. Guruh chegirmasi bilan qo'shilmaydi — kattasi olinadi.
Qarz
Qarz — manfiy balans. Masalan, mijoz 20 000 qarzga o'ynasa, uning balansi −20 000 bo'ladi va profilda qizil «Qarz» bilan ko'rinadi. PC'da ham shunday ko'rinadi. Mijozlar ro'yxatida qarz — qizil summa, minus bilan.
Qarz to'lanmaguncha mijozda hech qanday imtiyoz ishlamaydi:
- chegirma yo'q — shaxsiy, guruh, aksiya va ilovadagi bron chegirmasi (kartochkada foiz ustidan chizilgan bo'ladi); kassir qo'lda chegirma bersa, seans yoki sotuv rad etiladi: «Mijozning qarzi bor — qarz to'lanmaguncha chegirma, promokod va bonus ishlamaydi»;
- promokod ishlamaydi (chegirma, depozit va bonus kodlari);
- bonus bilan to'lab bo'lmaydi, «Bonus + depozit» da hammasi depozitdan yechiladi;
- qo'lda bonus qo'shilmaydi; bajarilgan yutuqning mukofoti qarz to'langach beriladi.
Qarz to'langach hammasi o'zi qaytadi. A'zo narxi o'zgarmaydi.
Qarz limiti
Qarz limiti — ishonchli mijoz shu summagacha qarzga o'ynay oladi. Pul tugasa, mijoz o'yindan chiqarilmaydi: u limit tugaguncha o'ynaydi, keyin to'lamaguncha yangi seans ocha olmaydi.
- Profilda «Qarz limiti» qatoridagi qalamni bosing.
- Summani kiriting. 0 — qarzga ruxsat yo'q.
- Belgi tugmasini yoki Enter'ni bosing.
Limit qo'yilgan mijozda «Qarz limiti … S' · qolgan … S'» yozuvi chiqadi. Limit tugasa: «limit tugagan — to'lamaguncha o'ynay olmaydi».
- Qarz faqat o'yin vaqti uchun. Tovar, bron va o'tkazma — faqat haqiqiy puldan.
- Limitni faqat egasi va menejer qo'yadi. Kassir limitni ko'radi, lekin o'zgartira olmaydi (qulf belgisi: «Qarz limitini faqat egasi yoki menejer o'zgartiradi»).
Qarzni to'lash
Qarzi bor mijoz pul olib kelsa:
- Profilda «Qarzni to'lash»ni bosing (yoki ro'yxatda qator ustidagi «Qarzni to'lash»ni). Oynada «Qarz: … · pul kassaga tushadi» ko'rinadi.
- Summa o'zi qarzga teng bo'lib ochiladi. Kerak bo'lsa o'zgartiring — kamroq ham, ko'proq ham mumkin (ortig'i depozitga tushadi).
- «Naqd», «Karta» yoki onlayn usulni tanlang.
- «To'lash»ni bosing.
Pul kassaga tushadi. Bu oddiy to'ldirish, faqat avval qarz yopiladi. Bu oynada promokod maydoni yo'q.
Daftardagi qarzni yozish
Mijoz sizga qarz bo'lsa va buni daftarga yozib yurgan bo'lsangiz, uni tizimga kiritish mumkin.
- Profilda «Qarz yozish»ni bosing.
- «Summa»ni kiriting.
- «Izoh»ni yozing — bu majburiy, masalan «daftardan, sentabr».
- Oynada «Balans» oldin va keyin qanday bo'lishi ko'rinadi.
- «Yozish»ni bosing.
Balans minusga tushadi — qarz limitidan oshsa ham. Bir yozuvda eng ko'pi 100 000 000 S'.
Qarzni kechirish
Qarz kechilsa yoki adashib yozilgan bo'lsa:
- «Qarz yozish» yonidagi minus doirani («Qarzni kechirish (pulsiz — kassaga tushmaydi)») bosing. Mijozda qarz bo'lmasa tugma bosilmaydi.
- «Qarzni kechirish (pulsiz)» oynasida «Summa» va «Izoh»ni kiriting.
- «Kamaytirish»ni bosing.
Balans 0 dan oshmaydi: «Qarzdan ortig'i hisobga olinmaydi — balans 0 bo'ladi».
Parol
Mijoz PC'ga telefon raqami va parol bilan kiradi. Eski parol hech qayerda ko'rinmaydi, uni faqat yangisiga almashtirish mumkin.
Profildan parol o'rnatish
- Profil tepasidagi kalit belgisini («Parolni o'zgartirish») bosing.
- «Yangi parol (kamida 4 belgi)» va «Yana bir marta» maydonlariga bir xil parol yozing. Mos kelmasa, «Parollar mos kelmadi» chiqadi.
- «Saqlash»ni bosing.
- Ekranda «✓ Yangi parol saqlandi. Mijozga ayting:» va parol chiqadi — uni mijozga ayting, «Yopish»ni bosing.
PC menyusidan parol berish
Mijoz PC oldida o'tirgan bo'lsa, PC menyusida «Parol yaratish»ni tanlang (PC'lar):
- «Parol kimga kerak — mijozni tanlang.» — mijozni ism yoki telefon bo'yicha qidirib tanlang. Mijoz tanlanmaguncha tugmalar o'chiq.
- Tasodifiy 4 xonali parol chiqadi. Boshqasi kerak bo'lsa, «Boshqa parol»ni bosing.
- «Shu parolni berish»ni bosing va parolni mijozga ayting.
Yoki «Mijoz o'zi yaratsin»ni bosing: parol o'chadi, mijoz PC'da telefon raqamini kiritib, yangi parolni o'zi yaratadi.
Ikkala yo'lda ham eski parol darhol ishlamay qoladi, parol bloki ham ochiladi. Mijozning Telegram'i ulangan bo'lsa, unga xabar boradi. «Loglar»da «Parol o'rnatildi» yozuvi qoladi: kim, qaysi mijozga (parolning o'zi yozilmaydi). Mijoz TuranGamer ilovasiga kirgan bo'lsa, ilova buni aytadi; «Mijoz o'zi yaratsin»dan keyin «Parolni unutdingizmi?» oynasini ochadi — ilovada yangi parol faqat Telegram kodi bilan yaratiladi (TuranGamer ilovasi).
Mijoz parolni unutsa
Mijoz parolni PC'da yoki TuranGamer ilovasida o'zi tiklay oladi — Telegram (yoki SMS) kodi bilan. Kod yuboradigan xizmat ulanmagan klubda parolni administrator beradi (yuqoridagi yo'llar).
Parol bloki
Ko'p marta noto'g'ri parol terilsa, PC'da kirish vaqtincha yopiladi:
- har 5 marta xato — 15 daqiqa;
- sutkada 15 marta xato — 24 soat yoki mijoz kod bilan tiklagunicha.
Bu sukut — sonlar va vaqt Sozlamalar → «Shell» da o'zgaradi: Sozlamalar (1).
Profilda «Parol bloklangan: … gacha» belgisi chiqadi. Mijoz parolini eslasa:
- Uning shaxsini tekshiring.
- «Parolni o'zgartirish» oynasini oching.
- «Blokni ochish»ni bosing. «✓ Blok ochildi — mijoz eski parol bilan kira oladi.» chiqadi.
Parol o'zgarmaydi. Bu amal «Loglar»ga yoziladi.
Ikki bosqichli kirish (Telegram kodi)
Mijoz xohlasa, har kirishda paroldan keyin Telegram kodini kiritadigan qilib qo'yadi. U buni PC profilida yoki ilovada o'zi yoqadi. Profilda «Ikki bosqichli kirish yoqiq» belgisi chiqadi.
- Kod kelmasa — kassir PC kartochkasida «Kirishni tasdiqlash»ni bosadi. Huquq: «Mijoz kirishini Telegram kodisiz tasdiqlash» (sukut bo'yicha kassirda ham bor).
- Mijoz Telegram'ini ham, SIM kartasini ham yo'qotgan bo'lsa — egasi yoki menejer shaxsini tekshirib, «Parolni o'zgartirish» oynasida «2FA'ni o'chirish»ni bosadi va tasdiqlaydi. Mijoz keyin faqat parol bilan kiradi.
- Ikki bosqichli kirish yoqilgan mijozga parolni faqat egasi yoki menejer qo'yadi. Kassir oynani ochsa: «Mijozda ikki bosqichli kirish yoqiq — parolni faqat egasi yoki menejer qo'yadi.»
- Parol qo'ygan xodim o'sha mijozning kodsiz kirishini 24 soat davomida tasdiqlay olmaydi.
Batafsil: TuranGamer ilovasi.
Telegram va telefon tasdig'i
«Telegram ulangan» belgisi — mijozning raqami Telegram kod botiga ulangan. Kodlar va klub xabarlari unga SMS o'rniga Telegram orqali boradi. Bu belgi faqat o'qiladi, paneldan o'zgartirilmaydi.
«Telefon tasdiqlangan» — mijoz raqamini kod bilan isbotlagan: PC'da ro'yxatdan o'tganda, parol tiklaganda, ilovada yoki raqam almashtirganda. Aks holda «Tasdiqlanmagan». Xodim raqamni almashtirsa, tasdiq yo'qoladi.
Sozlamalarda «Bonus ishlatish uchun mijoz ma'lumotlarini tasdiqlash majburiy» sozlamasi bor. Sukut bo'yicha u o'chiq. Yoqilsa:
- tasdiqlanmagan mijoz bonusni hech qayerda sarflay olmaydi — seans, tarif, abonement, do'kon, bar;
- «Bonus + depozit» bilan to'laganda hammasi depozitdan olinadi;
- bonus hisoblanishi (keshbek, yutuqlar, promokod, qo'lda bonus) davom etadi.
Batafsil: Sodiqlik tizimi, Sozlamalar (1).
Tarix
«Mijoz profili» yorlig'ida to'rtta kichik yorliq bor:
| Yorliq | Nima ko'rinadi |
|---|---|
| «To'lovlar» | «Sana», «Operator», «Kategoriya» («Sotuv», «Depozit to'ldirish», «Qaytarish», «Pulni qaytarish», «Qarz yozildi», «Qarz kamaytirildi»), «To'lov» usuli (Naqd, Karta, onlayn tizim nomi, Depozit, Bonus), «Jami». Qaytarilgan to'lovlar xira va «· qaytarilgan» bilan. Qarz yozuvlarida usul o'rnida «Balans (pul emas)». |
| «Sodiqlik tizimi» | Bonus harakatlari: «Sana», «Turi», «Operatsiya», «Summa», «Qoldiq» |
| «O'tkazmalar» | Klublararo o'tkazmalar — ikkinchi klub qo'shilganda ishlaydi, hozir ro'yxat bo'sh. Mijozning PC'dan boshqa mijozga qilgan o'tkazmasi «Loglar»da ko'rinadi. |
| «Tashriflar» | «Sana», PC, «Vaqt» (o'tirgan vaqti), «Summa» |
Abonementlar. Mijozning faol abonementi ro'yxatdagi «Abonement» ustunida ko'rinadi: qolgan vaqt va amal qilish muddati (yoki «kun oxirigacha»). Profildagi «Abonementlar» yorlig'ida hozircha ro'yxat chiqmaydi — mijozning abonementini ro'yxatdagi ustundan ko'ring. Abonement sotish — Seans va Tariflar.
Shaxsiy fayllar. Bu yerda mijozning saqlangan o'yin progressi turadi: «O'yin», «Hajm», «Yangilangan». Ular o'yin sozlamasidagi «Shaxsiy fayllar» papkalaridan seans oxirida serverga saqlanadi va mijoz boshqa PC'ga o'tirsa ham u bilan boradi (Kontent). Bitta o'yin saqlashlarini «Tozalash», hammasini «Hammasini tozalash» bilan o'chirasiz. O'chirilgan fayllarni qaytarib bo'lmaydi.
Mijoz PC'da o'zi nima qila oladi
Shell orqali mijoz o'zi:
- balansini boshqa mijozga o'tkazadi;
- parolini almashtiradi va unutsa kod bilan tiklaydi;
- ikki bosqichli kirishni yoqadi;
- taxallus qo'yadi;
- balansni to'ldiradi (onlayn) va promokod kiritadi.
Batafsil: O'yinchi kompyuteri (shell).