Bo'limlar

Bar: sotuv va buyurtmalar

Bu bo'lim bardagi savdo haqida: kassadan tovar sotish, mijoz PC'dan yuborgan buyurtmani bajarish, omborga tovar kirim qilish va qoldiqni kuzatish. Tovar va guruhlarni yaratish, narx va shtrix-kodlarni tahrirlash — Tovarlar, xizmatlar va kombo-to'plamlar bo'limida.

Bar kassasi («Do'kon»)

Bar kassasi «Do'kon» sahifasida ochiladi. Sahifa ikki qismdan iborat:

  • savdo oynasi: mijoz, «Tovarlar» / «Xizmatlar» / «Kombo» ro'yxati va savat;
  • o'ng yuqorida «Omborga kiritish» tugmasi.

Shu sahifaning boshqaruv ko'rinishi (tovarlar jadvali va guruhlar) yon menyudagi «Tovarlar» bo'limidan ochiladi. Undan kassaga «Kassaga» tugmasi bilan qaytiladi.

Tovar sotish

  1. Ro'yxatdan tovarni tanlang, u savatga tushadi. Kerak bo'lsa miqdorini o'zgartiring.
  2. Mijoz ro'yxatdan o'tgan bo'lsa, uni tanlang. Mehmonga sotayotgan bo'lsangiz, mijoz tanlamang.
  3. To'lov usulini tanlang: mehmonga — «Naqd», «Karta» yoki «Bo'lib» (naqd + karta). Kerak bo'lsa chegirma yoki promokodni qo'llang.
  4. «To'lash» tugmasini bosing.
  5. Ekranda «Chek #…» oynasi chiqadi. Unda tovarlar, miqdor, narx va «Jami» ko'rinadi. «Yopish» tugmasini bosing. Chek printeri sozlangan bo'lsa (Chek chop etish), chek o'zi chiqadi; oynadagi «Chop etish» tugmasi yana bir nusxa chiqaradi.

Sotuvdan keyin oyna toza holatga qaytadi: savat, mijoz va to'lov usuli tozalanadi.

Depozit yetmasa

  • «To'lash» bosilmaydi, «Depozit yetmaydi» ogohlantirishi chiqadi. Undagi «Depozit to'ldirish» tugmasi to'ldirish oynasini ochadi.
  • Tovar uchun qarz limiti ishlamaydi — qarz limiti faqat o'yin vaqtiga qo'llanadi. Shuning uchun tovarga pul faqat depozitning o'zidan yetishi kerak. Batafsil: Mijozlar: hisob, balans va bonus.

O'ynab o'tirgan mijoz. Daqiqabay tarifda PC'da o'ynayotgan mijozning depoziti yetmay qolishi mumkin: pul o'yin uchun 15 daqiqalik bo'lak bilan oldindan ushlab qo'yilgan bo'ladi. Bunda tizim ushlangan pulning ishlatilmagan qismini xaridga beradi, xarid o'tadi, qolgan puldan o'yin davom etadi — o'yin to'xtamaydi. Panelda shunday mijozning balansi ko'rinadigan balans bilan ko'rsatiladi («O'ynayapti: balans har daqiqada kamayadi…» izohi bilan). Depozit + ushlangan pul ham yetmasa — «yetmaydi» chiqadi va hech narsa o'zgarmaydi. Bu faqat PC'dagi, serverga ulangan seansga tegishli: pristavka/VR'dagi seansning puli xaridga berilmaydi.

Bonus bilan to'lash

  • Kassada ro'yxatdan o'tgan mijozga «Bonus» plitkasi bosilmaydi. Bonusni mijoz o'z PC'sida tarif olganda ishlatadi («Bonuslarni ishlatish» tumbleri) — O'yinchi kompyuteri (shell). PC'dan kelgan bar buyurtmasi ham bonus bilan yopilmaydi.
  • Bonus bilan chekning ko'pi bilan necha foizini to'lash mumkinligi sozlamada belgilanadi (pastdagi jadval).
  • «Bonus ishlatish uchun mijoz ma'lumotlarini tasdiqlash majburiy» sozlamasi yoqilgan bo'lsa, telefonini kod bilan tasdiqlamagan mijoz bonusni hech qayerda sarflay olmaydi: PC'da «Bonuslarni ishlatish» tumbleri chiqmaydi, «Bonus + depozit»da hammasi depozitdan olinadi. Bonus hisoblanishi (keshbek, yutuqlar) davom etadi. Batafsil: Sodiqlik tizimi.

PC uchun savdo

Tovarni o'tirgan mijozga to'g'ridan-to'g'ri PC orqali ham sotish mumkin — «Kompyuterlar» va «Klub xaritasi»da PC plitkasini ikki marta bosing. «PC… uchun savdo» oynasi ochiladi; bir nechta PC belgilangan bo'lsa — «Bir nechta PC uchun savdo (…)». Oyna ichida o'sha savdo paneli.

  • PC'da seans ochiq bo'lsa, sarlavha ostida «Seans ochiq ·» va mijoz nomi (yoki «mehmon») turadi. Oddiy seansda sotuv shu seansga bog'lanadi.
  • Seans «keyin to'lash» bilan ochilgan bo'lsa, «Keyin» plitkasi bor: tovar seans hisobiga yoziladi va seans oxirida vaqt bilan birga to'lanadi. Hisob-kitobda naqd, karta yoki «Bo'lib» olinadi. Batafsil: Seans.
  • Bir nechta PC uchun savdo oynasida mijoz tanlanmaydi — faqat mehmon.

PC'dan kelgan buyurtmalar

Mijoz o'z PC'sidagi bardan buyurtma beradi. Ro'yxatdan o'tgan mijozning buyurtma summasi shu zahoti depozitidan band qilinadi; mehmon buyurtmasining puli buyurtma mijozga berilganda olinadi. Kassirga yangi buyurtma kelganda bildirishnoma («Yangi buyurtma: PC…» va tarkibi) chiqadi va qisqa signal chalinadi.

Buyurtmalar tasmasi

Ochiq buyurtma bo'lsa, xarita tepasida «Buyurtmalar» tasmasi chiqadi:

  • «N ta yangi» va «N ta tayyorlanmoqda» belgilari;
  • har buyurtma alohida chip: PC nomi, qancha kutayotgani («N soniya» / «N daqiqa» / «N soat»), summasi;
  • 3 daqiqadan ko'p kutgan buyurtma to'q sariq, 7 daqiqadan ko'p kutgani qizil rangda — kimga birinchi xizmat qilish kerakligi rangdan ko'rinadi.

Kutish vaqti har 10 soniyada yangilanadi.

Buyurtmani bajarish

  1. Tasmadagi chipni yoki «Ochish» tugmasini bosing. «Buyurtmalar» oynasi ochiladi (sarlavhada buyurtmalar soni).
  2. Chapda navbat: eng uzoq kutgan buyurtma tepada, yangisi pastga qo'shiladi. Har qatorda PC nomi, holati («Yangi» / «Tayyorlanmoqda»), kutish vaqti, mijoz yoki «mehmon», «N ta mahsulot» va summa. Kerakli buyurtmani tanlang. Navbat bo'sh bo'lsa — «Navbat bo'sh».
  3. O'ngda tafsilot: «Mijoz» (yoki mehmon), «Kutmoqda», «Buyurtma» raqami, mahsulotlar ro'yxati (miqdori va narxi bilan), mijoz yozgan «Izoh» va «Jami».
  4. Tayyorlashni boshlaganingizda «Qabul qildim» tugmasini bosing. Holat «Yangi» dan «Tayyorlanmoqda» ga o'zgaradi — mijoz buyurtmasi ko'rilganini biladi.
  5. Buyurtmani mijozga berganingizda «Berildi — to'lov usuli» qatoridan usulni bosing: «Depozitdan» (faqat mijoz buyurtmasida), «Naqd», «Karta» yoki «Bo'lib». Pul shu paytda yoziladi va buyurtma yopiladi.
  6. «Bo'lib» — mijoz bir qismini naqd, qolganini karta bilan beradi. Tugma ostida «Naqd» va «Karta» maydonlari chiqadi: birini yozsangiz, ikkinchisi jamidan o'zi hisoblanadi. Ikkalasi jami «Jami» summasiga teng bo'lishi kerak, aks holda «Naqd va karta jami … S' bo'lsin» yozuvi chiqadi. So'ng «Berildi»ni bosing.

Oxirgi buyurtma bajarilgach, oyna o'zi yopiladi. Yangi buyurtma kelsa, tasma yana chiqadi. Oynani Esc bilan ham yopish mumkin.

Mijozning buyurtmasi

Buyurtma ro'yxatdan o'tgan mijozniki bo'lsa, uning summasi buyurtma berilganda depozitdan band qilinadi. Depozit yetmasa, mijoz PC'da buyurtma bera olmaydi («Depozitingiz yetmaydi — kassada to'ldiring»). Buyurtmalar oynasida:

  • «Berildi — to'lov usuli» yonidagi ⓘ belgisida qisqa izoh bor: summa band qilingan, rad etilsa hisobga qaytadi;
  • to'rtta tugma: «Depozitdan», «Naqd», «Karta», «Bo'lib». Ostida «Depozitdan band qilingan: X S'» qatori;
  • «Depozitdan» — buyurtma band qilingan summa bilan yopiladi, depozitdan qo'shimcha pul olinmaydi;
  • mijoz pulni naqd, karta yoki bo'lib bersa — shu usulni bosing: pul avval mijoz hisobiga tushadi, buyurtma esa band qilingan summa bilan yopiladi. Natijada band summa mijoz hisobiga qaytgandek bo'ladi, kassada esa naqd yoki karta tushumi yoziladi.

Band summa chekni to'liq qoplamasa (masalan, eski buyurtma yoki narx shu orada oshgan), band qator o'rnida «Depozit: X → Y S'» chiqadi — depozit hozir qancha va farq olingach qancha qoladi. Farqqa depozit yetmasa, qator qizil bo'lib « — yetmaydi» deydi, «Depozitdan» bosilmaydi va ostida «Depozit yetmaydi — avval «Depozit to'ldirish»» tugmasi chiqadi. Uni bossangiz to'ldirish oynasi ochiladi (buyurtmalar oynasi yopilmaydi). To'ldirilgach qoldiq qayta o'qiladi va «Depozitdan» ishlay boshlaydi.

Mehmon buyurtmasi

Akkauntsiz mehmon buyurtmasini «Naqd», «Karta» yoki «Bo'lib» bilan olasiz — «Depozitdan» tugmasi chiqmaydi. Mehmonlar umuman buyurtma bermasin desangiz, «Sozlamalar» → «Shell» → «Mijoz imkoniyatlari» dagi «Mehmon buyurtmasi»ni o'chiring (sukut — yoqiq). Shunda mehmon PC'da buyurtma tugmasi yopiq turadi: «Buyurtma faqat akkaunt bilan — kassaga murojaat qiling».

Buyurtmani rad etish

  1. Tafsilot pastidagi «Rad etish» tugmasini bosing. «#N buyurtma nega rad etilmoqda?» oynasi ochiladi.
  2. Tayyor sabablardan birini bosing (masalan, «Bu tovar tugagan») yoki «Boshqa sabab» maydoniga o'zingiz yozing.
  3. «Rad etish»ni bosing. Fikringizdan qaytsangiz — «Qoldirish».

Sabab yozilmasa, buyurtma rad etilmaydi. Sabab mijozning PC ekranida chiqadi («Buyurtmangiz bekor qilindi: sabab»). Mijoz buyurtmasida band summa shu zahoti hisobiga qaytadi va bu ham ekranda yoziladi («… depozitingizga qaytdi»).

Tayyor sabablar ro'yxatini «Sozlamalar» → «Shell» → «Mijoz imkoniyatlari» dagi «Buyurtmani rad etish sabablari» da o'zgartirasiz: yangisini qo'shing yoki keraksizini savatcha belgisi bilan o'chiring. Ko'pi bilan 8 ta sabab, har biri 60 belgigacha. Sukut bo'yicha: «Bu tovar tugagan», «Mijoz bekor qildi», «Xato buyurtma», «Hozir bar yopiq»; ro'yxat butunlay bo'shatilsa, shu sukut qaytadi.

Buyurtma berilganda ham mijoz ekranida xabar chiqadi: «Buyurtmangiz berildi · summa».

Omborga tovar kirim qilish

Yangi tovar kelganda uni omborga kirim qiling — shunda qoldiq to'g'ri ko'rinadi va qoldiq tarixida qoladi.

  1. «Do'kon» sahifasida «Omborga kiritish» tugmasini bosing (panel tepasidagi «+» tugmasi orqali ham ochiladi). «Tovarni omborga kirim qilish» oynasi chiqadi; izoh — sarlavha yonidagi ⓘ belgisida.
  2. «Ro'yxatdan tovar qo'shish» ro'yxatidan tovarni tanlang. Ro'yxatda faqat faol tovarlar bor, har birining yonida hozirgi qoldig'i yoziladi, masalan «Cola (12 dona)». Har tovar bir marta qo'shiladi va alohida qator bo'ladi; qatordagi tovarni almashtirish mumkin — nomini bosing.
  3. Har qatorda miqdorni kiriting (sukut 0, ko'pi bilan 6 xonali son). Nomi ostida omborda qancha bo'lishi ko'rinadi: «bor edi → bo'ladi», masalan «3 → 27 dona».
  4. Xohlasangiz «Izoh» yozing — butun kirim uchun bitta, masalan yetkazib beruvchi nomi (255 belgigacha, «Ixtiyoriy»). Izoh yozilmasa, harakat «Omborga kiritish» deb saqlanadi.
  5. Keraksiz qatorni savatcha tugmasi («Olib tashlash») bilan olib tashlang.
  6. Pastda — «Jami» (hammasi necha dona). «Kiritish · N dona» tugmasini bosing.

Yangi tovar yaratilayotganda «Boshlang'ich qoldiq» maydoni bor — birinchi qoldiqni shu yerda kiritish mumkin. Batafsil: Tovarlar, xizmatlar va kombo-to'plamlar.

Qoldiqni kuzatish

Yon menyudagi «Tovarlar» bo'limida tovarlar jadvali ochiladi. Yuqorida «Nom yoki shtrix-kod…» qidiruvi, «Tovarlar N» va «Guruhlar N» yorliqlari, «+ Tovar» va «Kassaga» tugmalari.

Har tovar uchun ustunlar:

  • «Nomi» — tavsiya etilgan tovarda «(tavsiya)», sotuvdan olinganida «- faol emas»;
  • «Guruh» va shtrix-kodlar;
  • «Qoldiq»;
  • «Tan narxi» va «Sotuv narxi»;
  • «Qoldiq qiymati» — omborda qancha pul turgani: tan narxi × qoldiq;
  • «Shell» — mijoz ekranida ko'rinadimi («ha» / «yo'q»).

Tovarga «Ogohlantirish chegarasi (ixtiyoriy)» qo'yilgan bo'lsa, qoldiq shu songa tushganda yoki undan kamayganda jadvalda ogohlantirish rangida va «!» belgisi bilan chiqadi. Masalan, chegara 5 va qoldiq 4 bo'lsa — «4 !». Bu holatda Telegram xabari kelmaydi.

«Guruhlar» yorlig'ida har guruhning «Sotuv jadvali» («har doim» yoki kunlar va soat oralig'i; hozir sotilmayotgan bo'lsa «· hozir sotilmaydi»), «Shell»da ko'rinishi va tovarlar soni ko'rinadi.

Mijoz ekranidagi bar

  • Mijoz PC'da bar vitrinasini «Sozlamalar» → «Shell» dagi vitrina sozlamasi yoqiq bo'lsa ko'radi (sukut — yoqiq).
  • Tovar ko'rinishi uchun unda «Mijoz ekranida ko'rsatilsin» belgisi va uning guruhida «Shellda ko'rsatish» yoqiq bo'lishi kerak. Guruhda u o'chirilsa, guruhning hamma tovari mijoz ekranidan yo'qoladi.
  • Guruhga «Sotuv jadvali» qo'yilgan bo'lishi mumkin: kunlar («Du» … «Ya») va soat oralig'i. Unda guruh tovarlari faqat o'sha vaqtda sotiladi — masalan tushlik menyusi ish kunlari 12:00–15:00. «Kun tanlanmasa guruh har doim sotiladi.»
  • «Bosh ekranda tavsiya etilsin» belgili tovarlar mijoz bosh ekranidagi «Tavsiya etilgan tovarlar» qatoriga chiqadi.
  • Qoldig'i tugagan tovar mijoz ekranida ko'rinmaydi.

Chekni qaytarish

Chek faqat to'liq qaytariladi va faqat smena ichida. Qaytarish uchun muddat cheklovi sozlamada yoqiladi (pastdagi jadval); cheklov yoqiq bo'lsa, chek faqat belgilangan daqiqa ichida qaytariladi. Fiskal kassa yoqiq klubda qaytarishga qaytarish cheki ham yuboriladi. Kassadagi pul harakati, kirim va chiqim orderlari — Dashboard, kassa va smena.

Bar bilan bog'liq sozlamalar

Hamma sozlama «Sozlamalar» sahifasida, o'zgartirilgan zahoti saqlanadi. Bo'limlar bo'yicha batafsil: Sozlamalar (1).

SozlamaNima qiladiSukutChegara
Tovarlar vitrinasi («Shell»)Mijoz ekranida bar ko'rinadiyoqiq—
Bonus bilan to'lash foiziNarxning ko'pi bilan necha foizini bonus bilan to'lash mumkin100 (cheklovsiz)1–100
«Bonus ishlatish uchun mijoz ma'lumotlarini tasdiqlash majburiy»Telefonini kod bilan tasdiqlamagan mijoz bonusni sarflay olmaydio'chiq—
Qaytarish muddati chekloviChekni faqat belgilangan daqiqa ichida qaytarish mumkino'chiq—
Qaytarish muddati (daqiqa)Cheklov yoqiq bo'lsa, necha daqiqa ichida qaytarish mumkin51–1440
Chaqiruv vaqti («Shell»)Mijoz administratorni chaqirgach shuncha daqiqadan keyin chaqiruv qizil bo'ladi51–120
Mehmon buyurtmasi («Shell»)Akkauntsiz mehmon PC'dan bar buyurtmasi bera oladiyoqiq—
Buyurtmani rad etish sabablari («Shell»)Rad etish oynasidagi tayyor sabablar4 ta sabab8 tagacha, har biri 60 belgigacha