Ko'p beriladigan savollar va muammolar
Bu bo'limda klubda tez-tez bo'ladigan holatlar savol-javob ko'rinishida berilgan: aloqa uzilishi, svet o'chishi, PC qotishi, parol, pauza, to'lov va boshqalar. Har javobda nima bo'lishi va siz nima qilishingiz yozilgan.
Aloqa va svet
Internet uzilsa klub ishlaydimi?
Ha, agar server klubning o'z kompyuterida tursa. Hamma ma'lumot (tariflar, seanslar, pul, loglar) shu serverda. Internet bo'lmasa ham PC'lar, kassa va seanslar ishlayveradi.
- Fiskal cheklar navbatda turadi. Internet qaytgach ular yuboriladi, qayta yuborish ham bor.
- Onlayn to'ldirish (Payme, Click) va Telegram xabarlari internet qaytguncha kutadi.
- Server bulutda bo'lsa, klub internetsiz serverga ulana olmaydi. Bu holatda PC'lar quyidagi «PC server bilan aloqani yo'qotsa» qoidasi bo'yicha ishlaydi.
PC server bilan aloqani yo'qotsa (kabel, switch, internet) nima bo'ladi?
Bu seans turiga bog'liq.
- Mehmon, muddatli tarif, abonement. To'langan vaqt oxirigacha o'ynaydi, aloqa yo'qligi vaqtni o'zgartirmaydi.
- Mijozning daqiqabay seansi. PC to'langan 15 daqiqalik bo'lak oxirida qulflanadi. Undan oldin «Aloqasiz zaxira vaqti» ishlaydi (sukut 10 daqiqa): shu vaqt ichida PC ishlayveradi, agar mijozning puli yetsa; balans har daqiqada kamayadi. Aloqa tiklangach PC aloqasiz o'ynalgan vaqtni serverga aytadi (PC o'chib-yonsa ham). Shu daqiqalar depozitdan olinadi (qarz limiti bilan, bor puligacha) va seans davom etadi.
- Zaxira vaqtida ham ulanmasa. Seans bo'lak oxirida yopiladi, ishlatilmagan pul depozitga qaytadi. Keyin kelgan hisobot — alohida «aloqasiz o'yin» to'lovi, zaxira vaqtidan ko'p emas.
- Aloqasiz «Chiqish». Mijoz aloqa yo'q paytda chiqsa, PC darhol qulflanadi. Aloqa tiklangach seans o'sha paytdan yopiladi — mijoz aloqa tiklanguncha o'tgan vaqtga to'lamaydi. Bu faqat server shu seans davomida PC uzilganini ko'rgan bo'lsa va xabar qayta ulanishdan keyin 2 daqiqa ichida kelsa ishlaydi.
Bir uzilish uchun bitta hisobot qabul qilinadi, bir vaqt ikki marta olinmaydi.
Svet o'chsa nima bo'ladi?
Agar 60 soniya ichida kamida ikkita PC (yoki bitta PC va klub tarmog'idagi kassa paneli) «o'chirilmoqda» xabarisiz uzilsa, tizim buni svet o'chishi deb tushunadi. «Loglar»da «Svet o'chdi» yoziladi, panelga xabar chiqadi.
PC «PC necha daqiqa o'chiq tursa» sozlamasidan (sukut 3 daqiqa) ko'proq o'chiq tursa:
- Ro'yxatdan o'tgan mijoz. Uning oldindan to'langan seansi (muddatli tarif, abonement) PC o'chgan paytda yopiladi. Qolgan vaqt mijoz hisobiga qoldiq bo'lib saqlanadi — tarifning saqlash muddatigacha, muddat bo'lmasa 7 kun. Abonement seansida abonementdan faqat o'ynalgani ayriladi. Mijoz keyin kirsa «Davom etish»ni ko'radi. PC bo'shaydi.
- Mehmon. Seans pauzaga tushadi, vaqt to'xtaydi, PC band qoladi. Panelda «Pauza (svet)» va qolgan vaqt ko'rinadi. PC yonsa seans o'zi davom etadi, tugash vaqti pauza uzunligiga suriladi.
- PC 3 daqiqa ichida qaytsa hech narsa o'zgarmaydi.
Svetda vaqtni saqlash doim yoqiq, uni o'chirib bo'lmaydi.
Mehmonning svet pauzasi uzoq cho'zilsa-chi?
«Pauzada necha soat kutilsin» o'tsa (sukut 2 soat), seans yopiladi. Ishlatilmagan pul «Kassa» → «Svet: qaytariladigan» bo'limida alohida turadi.
U yerda quyidagilarni qilish mumkin:
- «Naqd qaytarish» — kassadan chiqim orderi bilan. Kassada shuncha naqd bo'lishi kerak.
- Kartaga qaytarish — terminaldan, kassa naqdiga ta'sir qilmaydi.
- «Seansga ishlatish» — mehmonga istalgan PC'da yangi seans ochiladi. Pul kassaga qayta tushmaydi. Yetmasa, farqini naqd yoki karta bilan olasiz; ortib qolsa qolgani yozuvda ochiq turadi.
- «Bekor» — mehmon kelmasa. Buni faqat egasi yoki menejer qiladi va sababini yozadi.
Misol: mehmon 5 000 S'ga 1 soat oldi, 24 daqiqa o'ynadi. 36 daqiqa qoldi — 3 000 S' svet qarzi bo'ladi.
- Qaytarish faqat ochiq smenada qilinadi.
- Kassir pauzadagi seansni kutmasdan o'zi ham tugata oladi — qarz o'shanda yoziladi.
- Svet qarzi smenani yopishga to'sqinlik qilmaydi. Smena hisobotida u alohida qatorlarda ko'rinadi: paydo bo'lgani, qaytarilgani, ochiq qoldiq.
Batafsil: Dashboard, kassa va smena.
Svet qaytganda PC'lar o'zi yonadimi?
Seansi bor PC'lar uchun «Sozlamalar» → «Shell» → «Quvvatni boshqarish» → «Seans bor PC o'chib qolsa avtomatik yoqish» sozlamasi bor. U sukut bo'yicha yoqiq. Server har 15 soniyada tekshiradi va o'chiq PC'ni Wake-on-LAN orqali yoqishga harakat qiladi:
- faol, vaqti tugamagan seansi bor, MAC manzili ma'lum, ta'mirda bo'lmagan PC'lar yoqiladi (svet pauzasidagi mehmon seansi ham hisobga olinadi);
- har 30 soniyada, ko'pi bilan 10 marta, birinchi urinishdan keyin 30 daqiqa ichida;
- urinish faqat klubda kamida bitta PC yonib, serverga ulangan bo'lsa hisoblanadi — birinchi PC yonishi bilan qolganlari darhol yoqiladi;
- 6 soatdan keyin urinish butunlay to'xtaydi.
Yoqilmaydiganlar: qo'lda pauzaga qo'yilgan seans; xodim shu seans davomida paneldan o'chirgan PC; shell hech qachon ko'rinmagan PC (pristavka, VR); seans PC o'chiq paytda ochilgan PC (buning uchun «Seans boshlanganda PC'ni yoqish» kerak).
Svet va aloqa qoidalari qaysi sozlamalarda?
| Sozlama | Nima qiladi | Sukut | Chegara |
|---|---|---|---|
| «Aloqasiz zaxira vaqti» | Daqiqabay bo'lak tugaganda aloqa yo'q bo'lsa, PC yana shuncha ishlaydi (pul yetsa) | 10 daqiqa | 0–30 (0 — o'chiq) |
| «PC necha daqiqa o'chiq tursa» (svet) | Shundan ko'p o'chiq tursa svet qoidasi ishlaydi | 3 daqiqa | 1–30 |
| «Pauzada necha soat kutilsin» | Mehmonning svet pauzasi shuncha kutadi, keyin seans yopiladi | 2 soat | 0,5–12 soat |
| «Qotib qolganda qancha daqiqagacha qaytarilsin» | Bitta PC shu muddatda qaytsa, o'chiq turgan vaqt seansga qo'shiladi | 10 daqiqa | 0–30 (0 — o'chiq) |
| «Seans bor PC o'chib qolsa avtomatik yoqish» | O'chib qolgan seansli PC'ni Wake-on-LAN bilan yoqadi | yoqiq | — |
| «PC necha daqiqa o'chiq tursa» (avtomatik yoqish yonida) | Birinchi yoqish urinishigacha kutish | 0 (darhol) | 0–60 |
Avtomatik yoqish — «Sozlamalar» → «Shell» → «Quvvatni boshqarish». Qolganlari — «Sozlamalar» sahifasidagi seanslar sozlamalari. Batafsil: Sozlamalar (1).
PC va shell muammolari
Bitta PC qotib qolsa nima qilaman?
- Avval PC ustida «Ekran»ni oching — ekranni ko'rasiz va boshqara olasiz. Qotib qolgan bo'lsa «Qayta yuklash»ni yuboring.
- PC buyruqqa javob bermasa, uni reset tugmasi yoki tokdan qayta yoqing.
- PC «Qotib qolganda qancha daqiqagacha qaytarilsin» muddatida (sukut 10 daqiqa) qaytsa, o'chiq turgan daqiqalar seansga avtomatik qo'shiladi. 1 daqiqadan qisqa uzilish hisoblanmaydi.
- Kech qaytsa, vaqt qo'shilmaydi.
Bitta seansga jami shu daqiqagacha qaytariladi. Kabelni qayta-qayta sug'urib vaqt olib bo'lmaydi. Bu qoida daqiqabay seansga tegishli emas: u yerda pul bo'lak bilan olinadi, ishlatilmagani qaytadi. Mijozning seansi qo'lda pauzada bo'lsa, pauzada o'tgan vaqt qo'shilmaydi — u allaqachon to'xtab turgan.
Shell yopilib qolsa yoki server qayta ishga tushsa-chi?
- Server qayta ishga tushsa, shell 1 soniyada qayta ulanadi.
- Seansi bor PC qulflanmaydi. Seanssiz PC 15 soniyadan keyin qulflanadi.
- Server qayta ishga tushgandan keyin 2 daqiqa ichida aloqasi tiklanmagan PC'dagi mijoz seansi vaqti tugasa ham yopilmaydi — shell ulanganda bo'lak qo'shiladi.
- Shell qayta ochilsa, holat (seans, pauza, qulf) serverdan tiklanadi.
Shell o'zi tiklanmasa, PC'ni qayta yuklang. Seans serverda saqlanadi. PC'da sozlash kerak bo'lsa, xodim Ctrl+Alt+P bilan «Yuqori kirish» rejimiga o'tadi (ruxsat «Sozlamalar» → «Xavfsizlik»da).
Pauza bosdim, lekin mijoz ekrani qulflanmadi. Nega?
PC'da eski shell turibdi. Eski shell pauzani bilmaydi. Server vaqt va pulni baribir to'xtatadi, lekin ekran qulflanmaydi. «Pauza» bosilganda panel buni ogohlantiradi («ekran qulflanmaydi»). PC aloqada bo'lmasa ham shunday ogohlantirish chiqadi — u ulanganda qulflanadi.
Nima qilish kerak:
- «Kompyuterlar» bo'limini oching.
- «Barcha PC'larni yangilash» tugmasini bosing yoki bitta PC'da o'ng tugma → «Yangilash».
- Yangilangach pauzani qayta sinab ko'ring.
Eski shell'da pauza muddati o'tgach seans oddiy davom etadi, qulf belgisi qo'yilmaydi va «Qulf muddati» uni yopmaydi. «Loglar»da «Pauza muddati tugadi — seans davom etdi» yoziladi.
Shell'ni qanday yangilayman?
Shell faqat paneldagi tugma bilan yangilanadi, o'zi avtomatik yangilanmaydi. Yangi fayl serverda tekshiriladi.
- «Kompyuterlar» bo'limida «Barcha PC'larni yangilash»ni bosing (yoki PC'da o'ng tugma → «Yangilash»).
- Panelni brauzerda F5 bilan yangilang — barcha ochiq oynalarda.
Svet, mehmon pauzasi, qotib qolish va aloqasiz qulf qoidalari faqat yangi shell'li PC'larda ishlaydi. Shell bilan birga PC'dagi xizmatni ham yangilang.
PC panelda ko'rinmayapti
- PC yoniqmi va klub tarmog'iga ulanganmi, tekshiring. PC o'chiq bo'lsa paneldan «Yoqish»ni bosing (Wake-on-LAN, MAC ma'lum bo'lsa).
- PC'da shell o'rnatilganmi, tekshiring. O'rnatuvchi «Kompyuterlar» sahifasidan yuklab olinadi.
- Yangi PC shell tokeni orqali ro'yxatga olinadi. Token aylantirilgan bo'lsa, PC'da yangisini kiriting.
- PC «Kompyuterlar» ro'yxatida bor, lekin «Klub xaritasi»da yo'q bo'lsa — uni xaritaga joylashtiring: Zal xaritasi.
- PC noto'g'ri zalda bo'lsa — «Tahrirlash» bilan zalni o'zgartiring.
Mijoz CS uchun 4:3 qo'ydi, keyingi mijozda ekran buzuq
«Sozlamalar» → «Shell» → «Periferiya» → «Seans tugaganda ekran ruxsatini qaytarish» yoqiq ekanini tekshiring. U sukut bo'yicha yoqiq.
- Seans tugab, o'yinlar yopilgach (~30 soniya) PC klub ruxsatiga qaytadi.
- Seanssiz qulf ekranida ham qaytadi (kompyuter yongandagi birinchi qulf ham).
- Seans ichida, shu jumladan mijoz ekranni o'zi qulflaganda, ruxsatga tegilmaydi — orqadagi o'yin kichraymasin.
- Monitor o'chiq yoki ulanmagan bo'lsa, ruxsat ko'rsatilgan rejim monitorda yo'q bo'lsa — tegilmaydi.
Shell klub ruxsatini birinchi qulf ekranida o'zi eslab qoladi. Monitor yoki klub ruxsati almashsa, PC'da «Yuqori kirish» → «Shell ▾» → «Joriy ekran rejimini standart qilish (…)» bandini bosing. Bosh sahifa 4:3 va 16:10 ekranda ham buzilmaydi — panellar siqiladi.
Batafsil: O'yinchi kompyuteri (shell).
PC bo'sh turganda o'zi o'chib qolyapti
Bu «Sozlamalar» → «Shell» → «Quvvatni boshqarish»dagi bo'sh turganda o'chirish sozlamasi (necha daqiqa, 1–240). Yaqin 1 soat ichida broni bor PC «bo'sh turdi» deb o'chirilmaydi. «Bron oldidan PC'ni yoqish» yoqiq bo'lsa, bron boshlanishidan N daqiqa oldin (sukut 10) PC o'zi yonadi.
Bron qildim, lekin PC o'zi yonmadi
PC bronda o'zi yonishi uchun:
- «Sozlamalar» → «Bronlash» → «PC» → «Bron oldidan PC'ni yoqish» yoqiq bo'lsin (sukut o'chiq).
- Bron boshlanishiga shu sozlamadagi daqiqadan kam qolgan bo'lsin (sukut 10). Bron keyinroqqa bo'lsa, PC o'sha paytda yonadi; bron hozirga yoki yaqin vaqtga qilinsa — darhol.
- Server bulutda bo'lsa, signalni klubdagi boshqa yoniq PC yoki kassadagi «PC yoqish yordamchisi» yuboradi. Klubda hech narsa yoniq bo'lmasa, signal ketmaydi — birinchi PC yonishi bilan yuboriladi.
- PC'ning BIOS'ida Wake-on-LAN yoqilgan bo'lsin.
PC yonmasa, signal har 30 soniyada qayta yuboriladi (ko'pi bilan 10 marta, bron boshlanib 5 daqiqa o'tguncha). Har yuborilgan urinish «Loglar»da: «PC buyrug'i» — «avtomatik buyruq — Yoqish, sabab: bron 12:30». Yozuv yo'q bo'lsa — signal umuman ketmagan (1–3-bandlar); yozuv bor-u PC yonmagan bo'lsa — BIOS. Disksiz PC ~75 soniyada ulanadi, shu paytgacha xaritada «Yoqilmoqda…».
Seans va pauza
Mijoz ekranni qulflab ketib qoldi
«Sozlamalar» → «Shell» → «Qulf muddati (daqiqa)» o'tsa (sukut 30 daqiqa, chegara 0–240), seans o'zi tugaydi. 0 qo'ysangiz, cheklov yo'q.
- Qulf ekranida mijoz «Qulf 30 daqiqa turadi, keyin seans tugaydi» yozuvini va teskari sanoqni ko'radi. Parol bilan qaytsa sanoq bekor bo'ladi.
- Pul hisobi mijozning o'zi «Chiqish»ni bosgandagidek: daqiqabayda faqat o'tirilgan vaqt, abonement to'xtaydi.
- Panelda bunday PC «Qulflangan · 12 daq» ko'rinishida turadi. Seansni kutmasdan odatdagidek tugatishingiz mumkin.
Pauza tugadi, lekin PC hamon qulfda
«Sozlamalar» → «Shell» → «Pauza eng ko'pi (daqiqa)» o'tsa (sukut 60 daqiqa, chegara 5–720), seans o'zi davom etadi va vaqt yana hisoblanadi. PC qulfda qoladi, panelda «Pauza tugadi · qulfda» yoziladi.
- Mijoz PC'ni parol bilan ochadi.
- Mehmon uchun administrator «Pauzadan chiqarish»ni bosadi.
Shundan keyin «Qulf muddati» ham ishlaydi — qulf shuncha tursa seans yopiladi.
«Pauza» tugmasi ishlamayapti / rad etdi
«Pauza» va «Pauzadan chiqarish» PC menyusida (o'ng tugma) va PC panelida. Tugma umuman ko'rinmasa — xodimda seansni boshqarish huquqi yo'q: Xodimlar va huquqlar.
Pauza quyidagi holatlarda berilmaydi:
- tugash vaqti soatga bog'langan tarif (masalan «08:00 gacha») joriy yoki navbatda;
- vaqti tugagan seans;
- seans allaqachon pauzada;
- PC'da boshqa mijozning broni oldigacha 5 daqiqadan kam joy qolgan. Bron uzoqroq bo'lsa, pauza bron oldigacha qisqaradi — panel «Bron sabab pauza ko'pi bilan N daqiqa» deydi.
«Pauza (svet)»ni «Pauzadan chiqarish» bilan yechib bo'lmaydi. PC ulanganda u o'zi davom etadi. Pauza paytida «Joyni almashtirish», «Jarima» va «Vaqt qo'shish» ishlamaydi («Seans pauzada — avval pauzadan chiqaring»). Batafsil: Seans.
Bir nechta PC'ni belgilab seansni tugatdim, bittasi yopildi
Belgilangan PC'lar uchun «Seanslarni tugatish (N)» tugmasini bosing — u belgilash panelida ham, belgilangan PC ustidagi o'ng tugma menyusida ham. Belgilanmagan PC ustidagi «Seansni tugatish» faqat o'sha PC'ni yopadi. Har seans alohida tugatiladi; birining xatosi qolganlarini to'xtatmaydi, tugatilmaganlari belgili qoladi.
Mijozning daqiqabay seansi 1 soat ko'rsatyapti
Bu eski ko'rinish. Hozir ro'yxatdan o'tgan mijozning daqiqabay seansi 15 daqiqalik bo'laklar bilan boradi: panelda «daqiqabay | o'tdi 25 daq / 3 333 S'», sichqonchada «depozit ~22:40 gacha yetadi». Mijoz chiqsa faqat o'tirgan daqiqalari olinadi, qolgani depozitga qaytadi. Panelni F5 qiling va PC'larda shell'ni yangilang. Mijoz kirganda daqiqabay o'zi boshlansin desangiz — «Sozlamalar» → «Daqiqabay tarifni avtomatik boshlash».
«Vaqt qo'shish» ko'rinmayapti
- Mijozning daqiqabay seansida bu tugma yo'q, chunki vaqt depozitdan o'zi uzayadi.
- Soatlik tarif yoki abonement seansiga «Vaqt qo'shish» ishlamaydi. Unga «Savdo» orqali tarif qo'shing.
- Pauzadagi seansga ham qo'shilmaydi — avval pauzadan chiqaring.
Mijoz va kirish
Mijoz parolni unutdi
- Mijoz PC'da yoki TuranGamer ilovasida parolni Telegram (SMS xizmati ulangan bo'lsa — SMS) kodi bilan o'zi tiklaydi.
- Kodsiz klubda parolni administrator mijoz kartasida qo'yadi. Ikki bosqichli kirish yoqilgan hisobga parolni faqat egasi yoki menejer qo'yadi.
Ko'p marta noto'g'ri parol terilsa, PC'da vaqtinchalik blok bo'ladi:
- 5 xato — 15 daqiqa;
- 15 xato — 24 soat yoki kod bilan tiklanguncha.
Mijoz kartasida «Parol bloklangan» yozuvini ko'rasiz. Parol oynasida «Blokni ochish»ni bosing — parol o'zgarmaydi. Bu ham «Loglar»ga yoziladi.
Mijozga Telegram kodi kelmayapti (ikki bosqichli kirish)
- Kassir PC kartochkasida «Kirishni tasdiqlash»ni bosadi (huquq «Mijoz kirishini Telegram kodisiz tasdiqlash», sukut bo'yicha kassirda ham bor).
- Mijoz Telegram'ni ham, SIM kartani ham yo'qotgan bo'lsa, egasi yoki menejer mijoz kartasida «2FA'ni o'chirish»ni bosadi.
Parol qo'ygan xodim o'sha mijozning kodsiz kirishini 24 soat tasdiqlay olmaydi. Batafsil: Mijozlar.
Mijoz kira olmayapti: «Bu kompyuterda mehmon seansi ochiq…»
PC'da mehmonning «keyin to'lash» seansi ochiq. Avval shu seansni kassada yoping va to'lovni oling. Keyin mijoz o'z hisobi bilan kiradi. Mehmonning oldindan to'langan seansiga esa mijoz kirsa seans uning hisobiga bog'lanadi.
«Bu PC 14:00 da bron qilingan — boshqa PC'ga o'ting»
Bron boshlanishidan N daqiqa oldin (sukut 15, chegara 0–240) PC bron egasidan boshqa hammaga yopiladi — parol, TuranGamer QR, kassadan yangi seans, ko'chirish ham. Mijozni boshqa PC'ga o'tkazing. Bron egasi doim kira oladi.
- Bron oldiga 5 daqiqadan ko'p vaqt bo'lsa, abonement va daqiqabay seans bron oldigacha ochiladi — shell «Abonementingiz 13:55 gacha ochildi» deydi, tariflar ro'yxatida sig'maydiganlari «Band».
- Egasi bron boshidan N daqiqa ichida kelmasa (sukut 15, chegara 1–240), bron «Kelmadi» bo'ladi: PC bo'shaydi, oldindan to'lov klubga o'tadi, panelga xabar chiqadi.
Batafsil: Bron.
To'lov
To'lov o'tmayapti. Nimani tekshiray?
- Mijoz tanlanganmi? Ro'yxatdan o'tgan mijoz faqat depozitdan to'laydi: «Depozit» o'zi tanlanadi, «Naqd», «Karta», «Bo'lib», «Keyin», «Bonus» bosilmaydi («Mijoz tanlangan — faqat depozit»). Mijoz naqd yoki karta bersa, avval mijoz kartasida «Depozit to'ldirish»ni bosing, keyin depozitdan to'lang.
- Depozit yetarlimi? Yetmasa «To'lash» bosilmaydi va «Depozit yetmaydi» ogohlantirishi chiqadi (undagi «Depozit to'ldirish» tugmasi bilan). Daqiqabayda pul 1 daqiqaga ham yetmasa — «Depozit 1 daqiqaga ham yetmaydi».
- Qarz limiti tugaganmi? Tugagan bo'lsa, mijoz to'lamaguncha yangi seans ochilmaydi. Tovar, bron, o'tkazma qarz limitidan olinmaydi — faqat o'yin vaqti.
- «Keyin» kerakmi? «Keyin to'lash» faqat mehmonga: «Sozlamalar»da ruxsat berilgan va xodimda shu huquq bo'lishi kerak. Mijozga «Keyin» ishlamaydi.
- Bonus ishlamayaptimi? «Bonus ishlatish uchun mijoz ma'lumotlarini tasdiqlash majburiy» yoqiq bo'lsa, telefonini kod bilan tasdiqlamagan mijoz bonus sarflay olmaydi. Bonusning chekdagi ulushi ham sozlamada cheklanadi.
- Pristavka yoki VR'mi? «Virtual qurilmalarda depozitdan seans ochishni taqiqlash» yoqiq bo'lsa, u yerda mijozdan naqd yoki karta oling; daqiqabay tarif bu qurilmada mijozga ochilmaydi.
- Smena ochiqmi? Naqd va karta to'lovlar, «Bo'lib» (naqd + karta) uchun smena ochiq bo'lishi shart. Depozitdan vaqt qo'shishga smena shart emas.
- Tarif hozir ishlaydimi? Tarifning ishlash vaqti tugagan bo'lsa «Bu tarif hozir ishlamaydi». Zalda tarifning narxi bo'lmasa seans ochilmaydi va ko'chmaydi: Tariflar.
Ekranda xato yozuvi chiqdi. Nima qilaman?
| Yozuv | Nima qilish kerak |
|---|---|
| «Aloqa yo'q» | Tarmoqni tekshiring va qayta urining |
| «Panel va server versiyalari mos emas — sahifani yangilang (F5)» | F5 bosing |
| «seans shu orada o'zgardi — qayta urinib ko'ring» | Yana bir marta bosing |
| «Seans allaqachon yopilgan» | Xato emas: seans vaqt tugab yoki boshqa kassir tomonidan yopilgan |
| «Jami summa o'zgargan — oynani yopib, hisob-kitobni qayta oching» | Oynani yopib, hisob-kitobni qayta oching |
| «Bu tarif hozir ishlamaydi» | Tarifning ishlash jadvaliga qarang, boshqa tarif tanlang |
| «bu zal uchun narx belgilanmagan: …» | Tarifga shu zal uchun narx qo'ying yoki boshqa zal tanlang |
| «Bu qurilmada (pristavka/VR) seansni depozitdan to'lab bo'lmaydi — naqd yoki karta bilan to'lang» | Naqd yoki karta oling |
| «Bonusni ishlatish uchun mijoz telefon raqamini kod bilan tasdiqlashi kerak» | Mijoz telefonini kod bilan tasdiqlasin yoki depozitdan to'lang |
| «Seans pauzada — avval pauzadan chiqaring» | «Pauzadan chiqarish»ni bosing |
Fiskal chek chiqmadi
Chek to'lov bilan birga navbatga yoziladi — to'lov yozildimi, chek ham yozilgan. Internet bo'lmasa, navbatda kutadi; qayta yuborish ham bor. Tizim har 2 daqiqada oxirgi 48 soatdagi cheksiz sotuvlarni topib navbatga qo'yadi. Undan eski cheklar o'zi tiklanmaydi.
- Fiskal kassa yoki provayder kaliti sozlanmagan klubda chek yuborilmaydi — «Sozlamalar» → «Integratsiyalar».
- Faqat depozit yoki bonusdan to'langan sotuvga chek berilmaydi: chek depozit to'ldirilganda beriladi («Depozitga to'ldirishda chek berish», sukut yoqiq).
- Mijoz chek QR'ini PC'da, kassir panelda ko'radi.
Batafsil: Sozlamalar (2).
Boshqa
Smenani yopganimdan keyin yana login so'rayapti
Bu me'yor: smena yopilgach tizimdan chiqiladi. Qayta kiring, klubni tanlang va «Yangi smena ochish»da kassadagi naqdni yozing. Bir klubli egada ham klub tanlash oynasi chiqadi.
Yangilanishdan keyin panel g'alati ishlayapti
Barcha ochiq panel oynalarida (jumladan «Alohida oynada» ochilgan PC ekranida) F5 bosing. PC'larda «Barcha PC'larni yangilash»ni bosing.
Kim nima qilganini qayerdan ko'raman?
Hamma o'zgartirishlar «Loglar»ga yoziladi: kim, qachon, nima qilgan — seans, sotuv, bron, depozit, sozlama (eski → yangi), ekran ko'rish va boshqarish. Batafsil: Loglar.